logo

EKOLOGIK TRANSPORTLARNING YANGI AVLODI

Joriy yilning 20 fevral kuni Samarqand avtomobil zavodida  ishlab chiqarish liniyasidan 20000 - avtomobilning chiqarilishi va foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Siqilgan tabiiy gazda (STG) harakatlanuvchi ISUZU NPR82 mashinasi - zavodning 20000-avtomobili sifatida namoyon bo‘ldi. Avtomobilning taqdimot marosimida ISUZU Motors, Itochu Corporation hamda «O‘zavtosanoat» AKning vakillari ishtirok etdilar. Tadbirda so‘zga chiqqanlar  mazkur avtomobilning yuqori texnologik ko‘rsatkichlari va zamonaviy ko‘rinishi bilan bir qatorda, mazkur tijoriy avtomobil turining mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi borasida ham to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, ISUZU Motors Ltd kompaniyasi vakili «Samarqand avtomobil zavodida 20000 - avtomobilning konveyerdan chiqarilishiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarida ishtirok etar ekanman, yubileyli avtomobil aynan, siqilgan tabiy gazda harakatlanishini alohida mamnuniyat bilan ta'kidlamoqchiman. U yevro standartlarga javob beruvchi ekologik transportlarning yangi avlodidir»,-deya ta'kidladi.

Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, bundan bir yarim yil avval mazkur avtomobil zavodi konveyeridan chiqarilgan 15000 - avtomobil mana shunday tantana bilan qarshi olingan edi.  Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sonining o‘sish sur'atini e'tiborga oladigan bo‘lsak, zavod jamoasi 2016 yilda 30000 -avtomobilni ham ishlab chiqarishi turgan gap.  Shuni alohida ta'kidlash kerakki,  zavodda mehnat qilayotgan  minglab ishchi xodimlarning  samarali mehnatlari evaziga mana shunday yutuqlarga erishilmoqda.

            SHODIXO‘JA ABULQASIMOV, Ratsionalizatsiya va  modernizatsiya yangi texnologiyalar ishi koordinatori:  Samarqand avtomobilsozlik zavodida 20 minginchi avtomobil ishlab chiqarilishini biz  ishchi xodimlar  juda katta bir xursandchilik bilan kutib oldik. Chunki zavodimiz tarixida 20 minginchi avtomobil birinchi marta ishlab chiqarilayapti.  Shu kungacha ishlab chiqargan mahsulotlarimiz yurtimizda va hamdo‘stlik mamlakatlarida o‘zining nimalarga qodirligini namoyon etib, mijozlarning ishonchini to‘la oqlagani bois, mahsulotlarimizga bo‘lgan talab ko‘payib bormoqda. Shu bois yaqin yillarda 30 minginchi va 40 minginchi avtomobillarni ham ishlab chiqarishni mo‘ljallayapmiz.

Joriy yilning ikkinchi yarmida zavod hududida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan yangi bo‘yash sexi faoliyatini  yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda  bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan 2014 yilda Samarqand avtomobil zavodi ishchilari avtomobilsozlik bo‘yicha Yaponiyada o‘tkazilgan olimpiadada qatnashib, faxrli uchinchi o‘rinni  qo‘lga kiritishdi. Mazkur  musobaqada dunyodagi o‘ttizdan ortiq davlatlardan yetuk avtomobilsozlik mutaxassislari  ishtirok etganini inobatga oladigan bo‘lsak, ikkinchi bor ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz uchun bu yuksak natija hisoblanadi.

Zavoddagi qaynoq  ish jarayonini kuzatar ekansiz,  har bir ishchida mehnat xavfsizligiga bo‘lgan e'tiborning yuqori darajada ekaniga va zaruriy texnikalar bilan ta'minlanganiga guvoh bo‘lasiz.  Shuningdek, ish vaqtidan so‘ng ishchilarning madaniy hordiq chiqarishlari va sport bilan shug‘ullanishlari uchun  yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, bu yerda muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan ustoz-shogird an'anasi va egniga alohida forma kiygan ish o‘rganuvchilarning faoliyatini kuzatish jarayonida kadrlar tayyorlash ishlari ham bevosita zavod rahbariyatining nazorati ostida ekaniga amin bo‘lasiz.   

Obid KARIMOV, Samarqand avtomobil zavodi yig‘uv sexi ishchisi:  Samarqand avtomobilsozlik kollejini bitirib bu yerga ishga kirganman. Zavodning yig‘uv sexida ikki yildan beri ishlab kelayapman.  Albatta  ish jarayonini to‘liq o‘rganishimda  ustozim Shomurod akaning xizmatlari katta.  Viloyatimizda  yuk avtomobillari  ishlab chiqaradigan ikkita yirik zavodning birida ishlayotganimdan faxrlanaman. Mana taqdimoti bo‘lgan avtomobilning ishlab chiqarilishida albatta  boshqa hamkasblarim qatori mening ham hissam qo‘shilgan. Men bundan judayam xursandman.

Samarqand avtomobil zavodi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, sifatli mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Dunyodagi ko‘plab mamlakatlarida ISUZU Motors Ltd kompaniyasining  hamkorlari mavjud bo‘lib, ularning orasida Samarqand avtomobil zavodi birinchi o‘ntalikka kiradi. Asalan, Malayziya, Indoneziya kabi davlatlarni oladigan bo‘lsak,  kompaniyaning bu davlatlardagi hamkorlari faqat shassining o‘zini ishlab chiqarishadi. Ulardan farqli ravishda Samarqand avtomobil zavodida  yuk avtomobillari to‘laligicha ishlab chiqariladi. Shuning uchun  Samarqand avtomobil zavodi ularga qaraganda bir pog‘ona yuqorida turadi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan  avtobus va yuk avtomobillarining dvigatellari  va yurish qismi uchun  zarur bo‘lgan ayrim  butlovchi qismlar Yaponiyadan keltiriladi.  Qoolgan butlovchi qismlar esa zavodning o‘zida hamda  “O‘zavtosanoat” AK tizimidagi  qo‘shma va mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladi.

ZOYIR AMIROV, Yig‘uv sexi ishchisi: Zavodda sakkiz yildan beri ishlayman. Ishimiz   yuk  avtomobillarini yig‘ishdan iborat.  Men  asosan kabina va akkumulyatorlarini o‘rnataman. Yoshligimdan texnikaga qiziqib kelganim bois, ikki yilga yaqin  mana shu zavodda  ish o‘rganganman.  Ayni paytda  siqilgan gazda harakatlanuvchi yuk avtomobillarini ishlab chiqarmoqdamiz.

Samarqand avtomobil zavodi siqilgan tabiiy gazda ishlovchi dvigatellar o‘rnatilgan avtomobillarni 2011 yilda mamlakatimiz hukumati qarori asosida ishlab chiqara boshladi. Jahon miqyosida tabiiy gazni avtomobil yoqilg‘isi sifatida ishlatish tendensiyasining keng tarqalishiga asosiy sabab, ushbu turdagi yoqilg‘ining nisbatan arzon tannarxi va havoga ajralayotgan gazlar toksik darajasining pastligidir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 03.12.2013 yildagi 315-sonli qarori doirasida amalga oshirilayotgan loyiha asosida, Samarqand avtomobil zavodi 2014-2015 yillar mobaynida mingdan ziyod siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi chiqindi tashishga ixtisoslashgan avtomobillarni ishlab chiqarish uchun buyurtma oldi. Bundan tashqari zavod siqilgan tabiiy gazda ishlovchi yana uch xil kuzovga ega avtomobillar: furgon, bortli va o‘zi-ag‘dargichlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi.  Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizdagi  mavjud bir qator obodonlashtirish boshqarmalari va maxsus sanitar tozalash xizmatlarining yuk va maxsus avtomobillar parki yangilanadi.

 

tepaga