logo
Orqaga qaytish

GM Uzbekistan gaz ballon uskunasi o‘rnatilgan “Lacetti” rusumini ishlab chiqarishni boshladi

12.02.2016

Mamlakatimizda  atrof-muhit ekologiyasini yaxshilash, xususan transport vositalaridan atmosferaga  chiqayotgan is gazlari miqdorini kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimiz ko‘chalarida harakatlanayotgan transport vositalarining bosqichma-bosqich siqilgan tabiiy gaz yoki suyultirilgan gaz yoqilg‘isiga moslashtirilayotgani  fikrimizning amaliy tasdig‘idir. Shuni mamnuniyat bilan ta'kidlash kerakki, “GM Uzbekistan”  avtomobil zavodi ham “Lacetti” rusumining siqilgan gazda ishlovchi gaz ballonli qurilmaga ega versiyasini seriyali tarzda ishlab chiqarishni boshladi.  Dastlab, ikki yoqilg‘ili tizimga moslashtirilgan dvigatelning optimal ishlashi uchun GM Korea bilan birgalikda avtomobilning zaruriy sinovlari o‘tkazildi.

Avtomobillarga o‘rnatiladigan gaz ballonlari Italiyaning Faber kompaniyasidan keltirilsa,  yurtimizdagi "O‘zavto-Landi Renzo" qo‘shma korxonasi kapotosti qurilmalarini  zavodga yetkazib bermoqda. Avtomobil “GM PowerTrain Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tomonidan gazda ishlashga maxsus moslashtirilgan dvigatel bilan jihozlangan. Dvigatel kuchaytirilgan silindr-porshen guruhi va klapan mexanizmiga ega. Bundan tashqari, avtomobilning yurish qismi detallari - amortizator tayanchlari, prujinalar, ko‘ndalang barqarorlik stabilizatorlari va boshqalar kuchaytirildi.

“O‘zavtosanoat” AK axborot xizmati

Boshqa yangiliklar

tepaga