logo

HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

Transport vositalari  - iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi asosiy kuch hisoblanadi. Shu bois dunyodagi aksariyat mamlakatlar iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy-texnik taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lgan avtomobilsozlikni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri deb biladi. Transport sanoatining muhim tarkibiy qismlaridan biri - yuk va maxsus  avtotransport vositalarini ishlab chiqarish xalq xo‘jaligi tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.  Bunda esa Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan bunday transport vositalarining alohida o‘rni bor.

Yаqinda Yaponiyaning «Isuzu motors» va «Itochu corporation» kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari rasmiy tashrif bilan yurtimizda bo‘ldi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad “O‘zavtosanoat” AK, xususan, Samarqand avtomobil zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishish bilan birga o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat edi. Shu sababli  dastlab, Yaponiyaning «Isuzu Motors» kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodining ustav kapitalidan 8 foiz ulushni o‘zlashtirish bo‘yicha “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi  bilan kelishuv imzoladi.

Aytish mumkinki, ushbu kelishuv «Isuzu Motors» va “O‘zavtosanoat” AK o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro foydali hamkorlikning mantiqiy davomi hisoblanadi. Tashrif davomida tomonlar Samarqand avtomobil zavodini kelgusida uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi, modellar qatorini kengaytirish va yangilash, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish hamda sohaga ilg‘or yapon texnologiyalarini va ishlab chiqarish jarayonini tadbiq qilish bo‘yicha kelishuvga erishishdi.

Takanobu FURUTA  «Isuzu Motors»ning bajaruvchi Vitse-Prezidenti va direktori:

Bizlar uchun iqtisodiyotda o‘sishga yuqori imkoniyat bo‘lgan bozorlarga investitsiya kiritish juda muhim. Mintaqada strategik ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston, har doim «Isuzu Motors» uchun muhim hamkor hisoblangan va bizning 8 yildan ko‘proq muddatdagi munosabatlarimiz mustahkam asosga ega. Mamlakatingiz mustahkam va barqaror rivojlanish yo‘lida ishonch bilan harakat qilayotgani, O‘zbekistonda ulkan imkoniyatlar mavjudligi muhim ahamiyat kasb etadi. Transport infratuzilmasini rivojlantirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni hisobga olsak, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sifatli yuk avtomobillariga katta ehtiyoj borligini ko‘rdik. Bugungi kunda bizning hamkorligimiz yangi bosqichga o‘tganidan men bag‘oyatda xursandman.”

«Isuzu Motors» va “O‘zavtosanoat” AK hamkorligi 2007 yilda boshlangan edi. Siqilgan tabiiy gazda harakatlanadigan yuk avtomobillarining yangi rusumlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ushbu hamkorlik rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Delegatsiya a'zolari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida “SamAvto” ga ham tashrif buyurib, siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi ilk avtobusning tantanali taqdimotida ishtirok etdilar.

Dunyo miqyosida iqtisodiy tejamkorligi va ekologik xavfsizligi tufayli CNG dvigatelli avtomobillariga bo‘lgan ehtiyoj  tobora ortib bormoqda. Bu esa ISUZU Motors ko‘magi bilan O‘zbekistonda CNG dvigatelli yo‘lovchi avtobusini ishlab chiqarish haqidagi qarorning qabul qilinishiga turtki bo‘ldi. Bugungi kunga qadar dizel dvigatelli avtobuslarning kattagina qismi gaz yoki gazodizel dvigatellariga almashtirilgan. Biroq boshqa korxonalar tomonidan qayta jihozlangan avtomobillarga nisbatan “SamAvto” MCHJ dilerlik markazlari tomonidan kafolat hizmati ko‘rsatilmasligi ma'lum qilingan.

Taqdim etilgan tajribadagi avtobus namunasi yaponiyalik mehmonlar tomonidan olqishlar va ijobiy fikrlar bilan qarshi olindi. Yevro-4 standartlariga mos CNG dvigatelli avtobuslar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi transporti sifatini yanada yuqori pog‘onalarga olib chiqish imkonini beradi. Hozirgi vaqtda “SamAvto” MCHJda quyidagi ishlab chiqarish yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan:

- shahar va shahar atrofiga qatnaydigan, 37 va 21 kishiga mo‘ljallangan, 7 metrlik avtobuslar hamda yangi 60 kishiga mo‘ljallangan, pastpolli 8 metrlik shahar avtobusi;

- 5-10 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega, siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi, 26 turdagi (platforma, avtofurgon, o‘zi ag‘dargich, kommunal xizmatlar va boshqa ehtiyojlar uchun ixtisoslashtirilgan) kuzovlar bilan jihozlangan yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

«Isuzu Motors» kompaniyasi 2007 yildan buyon Samarqand avtomobil zavodining texnologik hamkori hisoblanib, zavodda ishlab chiqarilayotgan avtobuslar, o‘rta og‘irlikdagi yuk avtomobillari va boshqa tijoriy texnikalarga shassi va dvigatellar yetkazib beradi.

Yaponiyaning Isuzu Motors kompaniyasi tijoriy transport vositalari va dizel dvigatellarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya zavodida 1918 yildan boshlab yuk avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 1936 yilda kompaniya Yaponiyadagi birinchi dizel dvigatelini ishlab chiqardi va hozirgi kunda shu xildagi motorlar uchun yangi texnologiyalarni yaratishda yetakchilardan biri hisoblanadi. Bu jihatdan olib qaraganda,  kompaniyaning Samarqand avtomobil zavodi aksiyadorlari safiga qo‘shilishi mamlakatimiz avtomobilsozligi sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

tepaga