logo
Orqaga qaytish

Informatsion xabar

26.04.2017

9 may – Xotira va Qadrlash kuni arafasida «GM Uzbekistan» AJ tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga hurmat va ehtirom tarzida xayriya aksiyasi uyushtirilib, sertifikatlar taqdim qilindi. Ushbu tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 aprelda e`lon qilingan «Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

Ushbu hujjatning ijrosiga kirishib, O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tomonidan taqdim qilingan ro`yxatga ko`ra hududlar kesimini inobatga olgan xolda, faxriyning ismi sharifi yozilgan 1 631ta sertifikat tayyorlandi.

«GM Uzbekistan» AJ dilerlik korxonalari («O`zavtotexxizmat» MCHJ tizimidagi korxonalar) vakillari hamda davlat boshqaruvi organlari mutassaddilari, mudofaa ishlari bo`limlari, «Nuroniy» Jamg`armasining joylardagi bo`limlari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari birgalikda har bir urush qatnashchisining xonadoniga borib, hurmat va ehtirom bilan sertifikatlarni topshirdilar.

 Ma`lumot o`rnida aytib o`tish kerakki, sertifikat 2017 yilning 31 dekabriga qadar amal qiladi. Aynan mana shu muddat imkoniyati berilganligi sabab, uning egasi joriy yil davomida o`zi uchun qulay bo`lgan vaqtda dilerlik korxonalariga murojaat qilib, mahalliy avtomobillarning istalgan rusumini navbatdan tashqari olishi mumkin. Yana bir jihat, egasining yozma roziligi asosida ushbu sertifikatdan oila a`zolari va vasiylar ham foydalanishi mumkin.

Aslida, mazkur aksiyadan faqat hayrli maqsad ko`zlangan edi. Lekin, turli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va ayrim OAV tomonidan bu tadbirga salbiy munosabat kuzatildi. Bir necha nashrlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga navbatsiz avtomobil olish imkonini beruvchi sertifikatlarni taqdim qilish haqidagi ma`lumotlar noto`g`ri bayon va talqin qilindi. Ayrim ijtimoiy tarmoqlar esa o`zlarini targ`ib qilish maqsadida aksiya bilan bog`liq ma`lumotlarni oshirib, kezi kelganda buzib ommaga yetkazish bilan shug`ullanmoqdalar. Bu dezinformatsiya tarqatish bilan bog`liq mutlaq noto`g`ri harakat.

 «GM Uzbekistan» kompaniyasi bunday axborot va xabarlar asossiz hamda haqiqatga to`g`ri kelmasligini ta`kidlaydi.

«GM Uzbekistan» AJ va «O`zavtosanoat» AK yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir urush faxriysini hurmat qiladi, e`zozlaydi va ularning bosib o`tgan umr yo`llariga ta`zim bajo keltiradi. Musaffo osmon, bugungi tinchlik-farovonchilik, farzandlarimizning osuda hayoti va kelajagi uchun ulardan doimo minnatdormiz.

«O`zavtosanoat» AK matbuot xizmati

Boshqa yangiliklar

tepaga