logo

«JV MAN Auto-Uzbekistan»: Istiqlol bergan imkoniyatlar

27.10.2016

Har bir mamlakat hayotida transport vositalari  - iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi asosiy kuch hisoblanadi. Shu sababli dunyoning aksariyat davlatlari ilmiy-texnikaviy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lgan avtomobilsozlikni rivojlantirishni mamlakat hayotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, deb biladi.

O‘zbekiston avtomobilsozligi ham milliy iqtisodiyotimizni yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu tarmoq oldiga raqobatbardosh va eksportbop avtomobillar ishlab chiqarish, iste'molchilarning istak va ehtiyojlari inobatga olingan holda, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda rusumlarni muntazam yangilash, turli avtomobil ehtiyot qismlari tayyorlashni o‘zlashtirish kabi keng ko‘lamli vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, ularni tarmoq ishchi-xodimlari muvaffaqiyatli amalga oshirib kelishmoqda.

Buning natijasida esa bugun avtomobilsozlik sanoati yurtimiz iqtisodiyotining shiddat bilan rivojlanayotgan sohalaridan biriga aylandi. Mazkur soha mamlakatimizda butkul yangidan o‘zlashtirilgani bois, uning to‘liq shakllanishi va qaddini tutib olishi uchun mamlakat hukumati avval boshidan yetarlicha ko‘mak ko‘rsatib, ishlab chiqarish infratuzilmasini barpo etish bilan bog‘liq sezilarli xarajatlarni o‘z zimmasiga oldi. Natijada, bugun yurtimizda nafaqat yengil avtomobillar va avtobuslar, balki sifatli yuk avtomobillari hamda maxsus transport vositalari ham ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2011 yil 16 fevralda qabul qilingan «Og‘ir yuk ko‘taradigan avtomototransport vositalarini ishlab chiqarishni kelgusida rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda og‘ir yuk tashuvchi MAN avtomobillarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish kompleksi qurilishiga asos solindi.

Davr talabiga ko‘ra, bunday vazifalarni avtomobilsozlikda texnologik jihatdan rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda hamkorlikdagi sa'y-harakatlar bilan hal etish maqsadga muvofiqdir. Tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan «JV MAN Auto-Uzbekistan» O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bu yerda 15 tonnadan 50 tonnagacha yuklarni tashish quvvatiga ega zamonaviy va ishonchli MAN yuk  avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

Dastlab korxonaning ishlab chiqarish liniyasida atigi to‘rt rusumdagi yuk mashinalari yig‘ilgan bo‘lsa, bugun  50 turdan ortiq maxsus yuk avtomobillari va maxsus texnikalar yig‘ilmoqda.  Albatta, kompaniya jamoasi turli rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarishda mijozlarning  talab va istaklarini  birinchi o‘ringa qo‘yishadi.  Shu boisdan bo‘lsa kerak, yurtimiz avtomobil sanoatidagi ko‘p sonli mehnat jamoasining  ishlab chiqarishda amalga oshirayotgan ishlari hukumatimiz  e'tiboridan ham chetda qolgani yo‘q. Bugun   avtomobilsozlarimiz orasida o‘zining samarali va fidokorona mehnatlari tufayli turli darajadagi orden va medallarni qo‘lga kiritgan yurtdoshlarimiz ham talaygina.  “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qo‘shma korxonasi tashkil etilgan kundan boshlab  bu yerda mehnat qilib kelayotgan  Mahmud Ahmedov ham  o‘z kasbiga mehr qo‘ygan  faxriy avtomobilsozlardan biri.  2014 yilda  uning  nafaqat korxona rivoji, balki avtomobil sanoati uchun qo‘shgan hissasi e'tiborga olinib  “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

 

Mahmud Axmedov, qo‘shma korxona  yetakchi muhandisi: Yurtimiz mustaqilligining 25 yillik shodiyonalari nishonlanayotgan bir paytda o‘tgan davr har qanday mamlakat rivoji uchun juda qisqa bir muddat hisoblanishini aksariyat yurtdoshlarimiz his qilib turishibdi. Lekin mana shu qisqa vaqt ichida  yurtimiz avtomobilsozlik sanoatida katta bir yutuqlarga erishdik.  Ko‘plab yangi korxonalar tashkil etildi. Bugun “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qo‘shma korxonasida 300 nafardan ortiq mutaxassislar  yurtimizning barcha sohalari uchun zarur bo‘lgan o‘rta va katta yuk ko‘taruvchi avtomobillar, maxsus texnikalarni ishlab chiqarishmoqda. Qo‘shma korxonamiz tashkil etilgan kundan boshlab shu kungacha, 30 xildan ortiq  5 mingga yaqin yuk avtomobillari va maxsus transport vositalari ishlab chiqarildi hamda xaridorlarga yetkazib berildi. 

 

Avtomobilsozlikni rivojlantirish va uning ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishda mahalliylashtirish muhim o‘rin tutishi hech kimga sir emas. Bu iqtisodiyotni barqaror taraqqiy ettirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ishlab chiqarishga yangi va samarali texnologiyalarni tatbiq qilishni jadallashtirish imkonini beradi. Shu bois, Prezidentimizning 2015 yil 11 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “2015 - 2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga doir dastur” mazkur korxona rivojiga yanada keng yo‘l ochib berdi. Ushbu hujjatga muvofiq, taqdim etilayotgan imtiyoz hamda preferensiyalar mahalliylashtirish darajasini oshirishga xizmat qilayapti. “MAN” og‘ir yuk ko‘taruvchi transport vositalari uchun kabina tayyorlashni mahalliylashtirish bo‘yicha hayotga tatbiq qilingan loyiha bunga misol bo‘la oladi.  Loyihaga ko‘ra, ayni paytda  qo‘shma korxonada ishlab chiqarishga yangi texnologiyalar joriy etildi, xususan,  “MAN” rusumli yuk transportlari uchun kabinalarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Yaqinda “O‘zavtosanoat” AK tomonidan aynan ushbu mavzuga bag‘ishlab o‘tkazilgan  brifingda ta'kidlanganidek, kabina ishlab chiqarish jarayoni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni, Xitoydagi “Sinotruk Import&Export Co Ltd” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan kabinaning metall panellari korxonada payvandlangach, Samarqand avtomobil zavodi bo‘yash sexi bazasida yemirilishga qarshi qatlam surilib, bo‘yaladi. So‘ngra u “JV Man Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasiga keltirilib, ichki hamda tashqi jihozlari o‘rnatiladi.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun zavodga Germaniya, Italiya va boshqa xorijiy davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. 50 dan ortiq yangi ish o‘rinlari ochilib, ularga, asosan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari jalb etildi.  Natijada yiliga 3 ming dona kabinani o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Agar e'tibor bergan bo‘lsangiz rivojlangan davlatlar hayotida yuklarni yetkazib berish ya'ni, logistika xizmati mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Zero, logistika xizmati sifatli yo‘lga qo‘yilmagan joylarda  katta hajmdagi  yuklar ko‘rsatilgan manzilga belgilangan vaqtda yetib bormaydi. Bu esa tomonlar o‘rtasidagi shartnomalarning buzilishiga, mahsulotlarning yaroqsiz holga tushishiga sabab bo‘lish bilan birga,  mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatadi.

Bu kabi ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida dunyoning rivojlangan davlatlarida zamonaviy, baquvvat hamda mahsulotlar sifatiga ta'sir ko‘rsatmagan holda tashishga ixtisoslashgan yuk avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.  Agar temir yo‘llar va havo yo‘llari orqali  yuklarni yetkazib berish ancha  katta xarajat talab qilishini e'tiborga oladigan bo‘lsak,  transport vositalari, xususan, yuk avtomobillarining logistika xizmatida qanchalar muhim ahamiyatga ega ekanligi  beixtiyor ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. Qo‘shma korxonada faoliyat yuritayotgan ishchilarning aksariyatini yoshlar tashkil etishi esa sohada zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan kadrlarni tayyorlash tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rsatadi.  

 

Farhod Mamatkarimov, qo‘shma korxona yangi loyihalarni tadbiq etish bo‘limi muhandis-texnologi: Biz yoshlarga juda keng imkoniyatlar yaratilgan. Yurtimizda bir qancha rivojlangan davlatlardagi nufuzli universitetlarning filiallari ochilgani buning dalilidir. Bu esa biz yoshlarning jahon standartlariga to‘la javob beradigan ta'lim dargohida bilim olib, har qanday qo‘shma korxonada xorijlik  mutaxassislar bilan tengma-teng faoliyat yuritishimizga imkon yaratmoqda. Aynan istiqlol tengdoshi sifatida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini mashinasozlik mutaxassisligi bo‘yicha  bitirib “JV MAN Auto-Uzbekistan”  qo‘shma korxonasida  o‘z ish faoliyatimni boshladim  Ayni paytda yonilg‘i va vaqtni tejash, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha yangi g‘oyalarimizni   ishlab chiqarishga kiritayapmiz.

 

Yurtimizda og‘ir yuk ko‘taradigan MAN avtomobillarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish majmuasini barpo etishning yakuniy bosqichida yuk avtomobillari uchun tirkamalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «UzAuto Trailer» MCHJ zavodi qurildi. Ayni paytda bu yerda o‘zi ag‘dargich (samosval) va yuk avtomobillari uchun yarim tirkamalar ishlab chiqarilmoqda. Buning natijasida MAN zavodida yig‘ilgan transport vositalariga yangi korxonada ishlab chiqarilgan tirkamalar o‘rnatilib, konveyerdan tayyor holatda iste'molchilarga yetkazib berilmoqda. Bu esa xaridorlarning o‘z xohish va talablaridan  kelib  chiqqan  holda transport vositalarini xarid qilishlarida muhim ahamiyatga ega. Dastlab korxonaning ishlab chiqarish liniyasida atigi to‘rt rusumdagi yuk mashinalari yig‘ilgan bo‘lsa, bugun bu yerda 50 turdagi tirkamalar ishlab chiqarilmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi avtomobillar eksporti hajmini va geografiyasini yanada kengaytirish yuzasidan doimiy ish olib bormoqda. “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasining yuk avtomobillari va maxsus mashinalarini ayni paytda Rossiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Afg‘oniston kabi mamlakatlarda sotish yo‘lga qo‘yilganligi buning  amaldagi ifodasidir.

Sirasini aytganda, sanoatimizning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lmish avtomobilsozlikning izchil taraqqiy topishi ko‘p jihatdan joriy qonunlar, mavjud shart-sharoitlar va inson omiliga bog‘liq. Shu jihatdan olganda, mamlakatimizda mashinasozlikka taalluqli investitsiyaviy muhit tobora erkinlashayotgani va soha bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanayotgani milliy avtomobilsozligimiz istiqbolini belgilovchi asosiy omillardan biriga aylanib bormoqda.  Albatta, bularning barchasi  yurtimiz istiqloli tufayli yaratilgan  qulay shart-sharoitlar mahsulidir.

 

 

tepaga