logo

Mahsulotlar sifatini oshirish yo'lida

Bugun mamlakatimizda ko'plab korxona va tashkilotlar xalqaro standartlar asosidagi sifat menejmenti tizimining sertifikatiga muvofiq faoliyat yuritmoqda. Bu sifat sohasida barqaror ko'rsatkichlarga erishish, xodimlar malakasini yuqori darajada saqlash, raqobatbardosh, eksportbop mahsulot va xizmatlarni ko'paytirishga yordam berayotir. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 iyulda qabul qilingan «Korxonalarda xalqaro standartlarga muvofiq bo'lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida» va 2009 yil 19 iyundagi «Respublika korxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq bo'lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etishni kengaytirishga doir qo'shimcha chora- tadbirlar to'g'risida»gi qarorlari sifat menejmenti tizimini barcha hududlarda keng joriy etish uchun asos bo'lib xizmat qilmoqda. Bularning barchasi sifat menejmenti tizimini joriy qilgan korxonalarda ishlab chiqarish sur'atini oshirishga ta'sir ko'rsatmoqda. Ushbu tizimdan foydalanayotgan korxona va tashkilotlar yuqori natijalarga erishmoqda. Zero, bu tizim korxonalarga ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirish, ishlab chiqarishda biznes jarayonlarini yaxshilash, moddiy xarajatlarni kamaytirish, o'z mahsulotini sotish bozorlarini kengaytirish imkonini bermoqda. Respublikamiz iqtisodiyotining rivojlanishida o'z tarkibida 40 dan ortiq qo'shma korxonalarni birlashtirgan “O'zavtosanoat” AKning ham yetarlicha hissasi bor. Ayni paytda kompaniya tizimidagi barcha korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi tobora ko'payishi bilan birga ular sifat jihatidan ham takomillashib bormoqda. Bu esa o'zimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun butlovchi qismlardan tortib, xalq xo'jaligining turli sohalarida foydalanish uchun zarur bo'lgan turli mahsulotlarning ichki va tashqi bozorda o'z iste'molchilari mavjudligidan darak beradi. Birgina “GM Uzbekistan” avtomobil zavodida bugun 150 dan ortiq sifat to'garaklari tashkil etilgan bo'lib, ushbu to'garak a'zolari zavoddagi ishlab chiqarish jarayonida ro'y beradigan texnik kamchiliklarni bartaraf etish hamda mahsulotlar sifatini yangi bosqichga ko'tarishda o'zlarining munosib hissalarini qo'shib kelishmoqda. Asaka avtomobil zavodida o'tkazilgan “GM Uzbekistan” sifat to'garaklari to'rtinchi konferentsiyasida so'zga chiqqan zavod mutasaddilari bugun zavodda ishlab chiqarish jarayoniga ilg'or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirishda mazkur sifat to'garaklarining roli tobora ortib borayotganligini ta'kidlab o'tishdi. Asaka avtomobil zavodida o'tkazilgan “GM Uzbekistan” sifat to'garaklari konferentsiyasida nafaqat zavodning ishchi xodimlari, balki “O'zavtosanoat” AK tizimidagi turli ishlab chiqarish korxonalari jumladan: “O'zSaeMyung”, “O'z TongXong”, “O'z Koram” qo'shma korxonalari, “GM Uzbekistan” avtomobil zavodining Toshkent va Xorazmdagi filiali vakillari ham ishtirok etishdi.

Quvonchbek YUSUPOV, “GM Uzbekistan” avtomobil zavodining Xorazm viloyati filialida Ratsionalizatorlik takliflari bo'yicha muhandis: Mana Asaka shahrida sifat to'garaklarining to'rtinchi konferentsiyasida qatnashayapmiz. Bu kabi o'tkazilayotgan tadbirlarning hamda sifat to'garaklarining korxonani rivojlantirishda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirishda ahamiyati juda katta. Chunki ishchilar o'z g'oyalari, tashabbuskorligi bilan korxonani rivojlantirish, ishlab chiqarishdagi muammolarni hal qilish va ishlab chiqarish salohiyatini oshirishda munosib hissalarini qo'shishyapti. Biz yangi 2016 yildan zavodning Xorazm filialida ham shunday sifat to'garaklari faoliyatini yo'lga qo'yishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda bu bo'yicha men zavodda o'z malakamni oshirayapman. Nasib etsa “Xorazmavto”da ham taxminan, 50 ga yaqin sifat to'garagini shakllantirib, ularning izlanishlar olib borishlarida amaliy ko'mak beramiz.

Mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi va yurtdoshlarimizning turmush darajasi yuksalishi, sifatli mahsulotlar va yuqori darajada ko'rsatiladigan xizmatlarga bo'lgan talabni yanada oshiradi. Sifatli mahsulot esa o'zining sifat iste'molchisini yaratadi. Har bir ishlab chiqarish korxonasida sifat to'garaklarining (guruhlarining) tashkil etilishi mahsulot sifatini oshirishda muhim omillardan biri hisoblanadi. Sifatli mahsulot doim o'z xaridoriga ega. Hozirgi davrda ushbu talab qondirilgandagina mahsulotni dunyo bozoriga chiqarish mumkin. Bu esa o'z navbatida, mamlakatga eksportdan keladigan valyuta tushumini ko'paytirish orqali yangi texnika va texnologiyalar sotib olish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, samaradorligini oshirish imkonini beradi. Bunday sub'ektlarning ko'payishi esa mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

“GM Uzbekistan” avtomobil zavodida bu boradagi olib borilayotgan ishlarni raqamlarda taqqoslaydigan bo'lsak, 2014 yilning 1 oyida zavodda faoliyat yuritayotgan sifat to'garaklari a'zolari tomonidan 12 180 ta ratsionalizatorlik takliflar berilgan bo'lib, shundan 9946 donasi ishlab chiqarishga joriy etilgan bo'lsa, 2015 yilning 11 oyida bu ko'rsatkich, 11 347 donani tashkil etgan va bu ratsionalizatorlik takliflarining 9853 donasi ishlab chiqarishga joriy etilgan. 2014 yilda ishlab chiqarishga joriy etilgan mazkur ratsionalizatorlik takliflari orqali 4 mlrd. 437 mln. 520 ming so'm iqtisodiy samaradorlikka erishgan bo'lsa, 2015 yilda ishlab chiqarishga joriy etilgan ratsionalizatorlik takliflari tufayli 2 mlrd. 696 mln. 573 ming co'm iqtisodiy samaradorlikka erishgan.

Dilmurod OTABOYeV, “GM Uzbekistan” avtomobil zavodi yig'uv tsexining mas'ul xodimi: Jentra avtomobilidagi radiator panjarasini o'rnatish jarayonida bamperning bo'yoq qatlamiga zarar etishi tufayli sifat ko'rsatkichi tushib ketayotgan edi. Biz jamoamiz bilan shuni bartaraf qilish uchun izlanishlar olib bordik. Izlanishlarimiz natijasi, radiator panjarasini qo'yishdan oldin uning tagiga qo'yiladigan maxsus plastik moslamani yaratdik. Nihoyat, avtomobil bamperiga etkaziladigan shikast bartaraf etildi. Bu bilan bamperning bo'yoq qatlamini ta'mirlash bartaraf etildi hamda sifati yaxshilandi. Bitta avtomobil bamperiga etkazilgan zararni ta'mirlash uchun bitta ishchining 40 daqiqa vaqti sarflanayotgan edi. Endi esa bu narsaga chek qo'yildi.

Zavodning yig'uv tsexida 1 600 nafar ishchi xodimlar faoliyat yuritadi. Ular xozirgi kunga qadar 3 400 ta ratsionalizatorlik takliflarini berishgan va berilgan takliflarning 100 foizi ishlab chiqarishga tadbiq etildi. Sifat to'garaklariga keladigan bo'lsak, yig'uv tsexidagi 37 ta sifat to'garagidan saralash bosqichida 5 ta guruh qatnashib, ularning ichidan “G'oya” sifat to'garagi final bosqichigacha etib keldi. 2015 yilning noyabr oyida 225 ta ratsionalizatorlik takliflari taqdim etilgan bo'lib, shundan 150 tasi ishlab chiqarishga joriy etilgan. Bu taklif va ishlanmalarni tahlil qiladigan bo'lsak, ularning 30 foizi mahsulot sifatini oshirishga oid bo'lsa, 21 foizi mashina va mexanizmlarni takomillashtirishga, 17 foizi mehnat samaradorligini oshirishga, qolgan 23 foizi esa mehnat sharoitini yaxshilash, xavfsizlikni ta'minlash va mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan.

Yiliga ikki marta o'tkaziladigan konferentsiyaning bu galgisida ham ishtirok etgan sifat to'garaklari a'zolarining ratsionalizatorlik takliflari mutaxassislar tomonidan atroflicha o'rganib chiqildi. Taklif etilgan ratsionalizatorlik ishlanmalarining dolzarbligi, iqtisodiy samaradorligi kabi bir qancha jihatlari bo'yicha “G'oya” sifat to'garagi birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. “Rivoj” sifat to'garagi a'zolari esa ikkinchi o'ringa loyiq deb topildi. “Inventor” sifat to'garagi a'zolari esa uchinchi o'rin bilan kifoyalanishdi. G'olib va sovrindorlarga faxriy yorliq, pul mukofotlari va dam olish maskaniga yo'llanmalar topshirildi.

tepaga