logo
Orqaga qaytish

Moskvada Ravon avtomobil brendining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi

14.10.2015

Moskvada Ravon avtomobil brendining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Endi, Uz-Daewoo mashinalari ushbu marka ostida Rossiya bozorlarida sotila boshlaydi. Taqdimot marosimida O‘zbekiston avtomobilsozlik kompaniyasi vakillari, dilerlik markazlarida kutilayotgan qayta brendlashtirish to‘g‘risida gapirib berishdi va rossiyalik xaridorlarga taklif qilinadigan yangi avtomobillarni ko‘rsatishdi.

Hozirda “Daewoo” avtomobil markasi huquqi “Daewoo International” kompaniyasiga tegishlidir. «GM Uzbekistan» AJ maxsus kelishuv bo‘yicha faqatgina eksport qilinadigan mashinalarda ushbu markadan foydalanmoqda. Kelishuv muddatlari yakuniga yetayotganligi sababli, markani qayta brendlashtirib, “yengil harakat, toza yo‘l” ma'nosini bildiradigan yangi “Ravon” brendini kiritishga qaror qilingan.

Avtomobilning yangi “Ravon” brendi - “Vaqt sinovidan o‘tgan, yangidan yaratilgan” shiori ostida taqdim etildi. “O‘zavtosanoat” AK boshqaruvi raisi o‘rinbosari Toxir Jalilovning ta'kidlashicha, oxirgi ikki yil davomida kompaniya, Daewoo xaridorlarining talablarini o‘rganib chiqqan va buning natijasida, ular eng avvalo avtomobillarning hamyonbop narxlarini va vaqt bilan sinalgan sifatini qadrlashlari aniqlangan. Shuning uchun bugungi kunda muvaffaqiyat va rivojlanish yo‘lidagi yangi sahifani “Ravon” brendi ochib bermoqda.

Rasmiy taqdimotda, yaxshi tanish bo‘lgan “Matiz” va “Gentra” avtomobillari, yangi “Nexia R3” (Chevrolet Aveo 2008) sedani, hamda R2 (Chevrolet Spark 2010) va R4 (Chevrolet Cobalt) avtomobillari namoyish qilindi. Joriy yil yakuniga qadar, avtomobilning yangi “Ravon” markasi, “Matiz” va “Gentra” rusumlariga umid bog‘laydi. Keyingi yildan esa, “Ravon R2”  (A-sinfidagi kompakt avtomobilning yangi modeli), “Ravon Nexia R3” (B-sinfidagi eng ko‘p sotiladigan “bestseller” avtomobilining yangi avlodi), “Ravon R4” (B/C-sinflari oralig‘idagi yangi model (rusum)) avtomobillari hisobiga rusumlar qatori sezilarli darajada kengayadi. Bundan tashqari keyinchalik, kompaniya C-sinfidagi bir necha avtomobillarni va kompakt SUV avtomobillarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

“Uz-Daewoo” brendini Rossiya bozorlarida yaxshi bilishadi. Bular o‘zlarini yaxshi tanitgan “Matiz”, “Gentra” va “Nexia” rusumlaridir. 2015 yil Matiz, shahar avtomobillari orasida “Rossiyadagi yil avtomobili” mukofoti bilan taqdirlandi. Rossiyada 300 mingdan ortiqroq Matiz sotilgan, A-sinfi segmentida ushbu rusum ulushi 60 % dan kam emas.

Ma'lumot uchun:

“O‘zavtosanoat” AK 1994 yil 17 marda tashkil topgan. Hozirgi vaqtda kompaniya 70 dan ortiq korxonalarni birlashtiradi. Aksiyadorlik kompaniyasining asosiy faoliyati yengil avtomobillar, avtobuslar, yuk avtomobillari va butlovchi qismlar ishlab chiqarishdan iborat. Tarmoq korxonalari ishchilarining soni 24 ming nafardan ortiqroq.

«General Motors» Kompaniyasi - dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisidir. 1908 yili tashkil topgan GM kompaniyasida, bugungi kunda, butun dunyo bo‘yicha 250 mingga yaqin ishchilar ishlaydi. Markaziy ofisi Detroytda joyllashgan bo‘lib, GM dunyoning 38 ta davlatida avtomobillar va yuk mashinalari ishlab chiqaradi. GM kompaniyasi to‘g‘risidagi to‘liq ma'lumotlar: www.gm.com <http://www.gm.com>. rasmiy saytida

 “GM Uzbekistan” AJ Andijon viloyatining Asaka shahrida joylashgan.2008 yil mart oyida “General Motors” va “O‘zavtosanoat” AK tomonidan tashkil qilingan. “O‘zavtosanoat” AK ushbu qo‘shma korxonaning 75% aksiyasiga ega, qolgan 25% aksiyasi esa General Motorsga tegishli. “GM Uzbekistan”da 9000 mingdan ortiqroq ishchilar ishlaydi, yiliga 250 mingdan ortiqroq avtomobillar ishlab chiqariladi, ushbu avtomobillar ichki bozorga ham yetkaziladi va Rossiya va boshqa MDH davlatlariga eksport qilinadi.

"O'zavtosanoat" AK axborot xizmati

Boshqa Press Relizlar

tepaga