logo

SOG‘LOM TURMUSH TARZI SARI

“O‘zavtosanoat” AK tarkibiga kiruvchi  70 ga yaqin  korxona va tashkilotlarda  bugun 26 ming nafardan ortiq yurtdoshlarimiz mehnat qiladi. Ular orasida  sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida turli sport tadbirlari va Spartakiada musobaqalarini o‘tkazish, ularning oilalariga moddiy hamda ma'naviy yordam ko‘rsatish borasida kompaniya tomonidan talay ishlar amalga oshirilmoqda.  Jumladan, har yili bahorda Spartakiada musobaqalari va turli sanalar munosabati bilan futbol turnirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Mamlakatimiz mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan kompaniya tizimidagi korxonalar  o‘rtasida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha “Mustaqillik Kubogi” ana shunday tadbirlardan biridir. Kompaniya tizimida faoliyat yurituvchi  korxonalar jamoalari ishtirok etgan  Kubok musobaqalari  o‘tgan yillardagiga qaraganda ancha qizg‘in tus oldi. Jamoalar orasida  “O‘zavtosanoat” AK va “General Motors Powertrain O’zbekiston” AJ, “Uz-Tong Heung”, “Uz-DongJu Paint Compani”  qo‘shma korxonalarining vakillari shiddatli va murosasiz kechgan bahslarda  boshqa jamoalardan ustun kelib, Kubok musobaqalarining yakuniy bosqichida maydonga tushishdi.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti qoshidagi akademik litseyda  o‘tkazilgan Kubok musobaqalarining finalida “O‘zavtosanoat” AK va “Uz-Tong Heung”  jamoalari birinchi o‘rin uchun maydonga tushgan bo‘lsa, “Uz-DongJu Paint Compani”  va “General Motors Powertrain O’zbekiston” AJ korxonalarining jamoalari uchinchi o‘rin uchun bo‘lgan uchrashuvda o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishdi. Har ikkala uchrashuvning birinchi qismida darvozalar daxlsizligi saqlab qolingan bo‘lsa-da, ikkinchi bosqichda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi.  Dastlab,  birinchi o‘rin uchun kechgan uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, “O‘zavtosanoat” AK va “Uz-Tong Heung”  qo‘shma korxonasi jamoalari o‘rtasidagi o‘yin anchagina shiddatli va murosasiz kechgani bilan futbol ishqibozlarining xotirasida uzoq vaqt saqlanadigan bo‘ldi. Uchrashuvning birinchi qismida jamoalarning imkoniyatlari deyarli, teng bo‘lgani bois,  darvozalar daxlsizligi saqlab qolindi.

Tanaffus vaqtida murabbiydan tegishli tavsiyalarni olgan  “O‘zavtosanoat” AK jamoasi o‘yinning ikkinchi qismida raqib darvozasi oldida ko‘plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira boshladi. O‘z o‘rnida vaziyatdan tegishli xulosa chiqargan “Uz-Tong Heung” jamoasi murabbiyi bir qator o‘yinchilarni maydonga tushirdi. Ikkinchi qismning taxminan,  oxirgi daqiqasida “O‘zavtosanoat” AK jamoasi hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.  Jamoa a'zosi Aziz Shukurov yaqin masofadan  turib   raqib darvozasiga yo‘llagan to‘pi  darvoza to‘siniga tegib, darvoza ichkarisidan o‘z joyini topdi.  Oradan uncha ko‘p o‘tmay, Aziz Shukurov “Uz-Tong Heung” darvozasiga kiritilgan ikkinchi golning ham muallifi bo‘ldi.

Sarvar Zokirov, “O‘zavtosanoat” AK ishchisi: Tashkil etilgan Kubok  musobaqalarida ishtirok etganimdan juda xursandman. Ishchi- xodimlar orasida salomatlik uchun foydali bo‘lgan bunday tadbirlarni muntazam tashkil etib kelayotgani uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.  Bu yerda muhimi g‘alaba emas, ishchilarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish.  Finalda ““Uz-Tong Heung” jamoasi bilan maydonga tushdik.  Raqib jamoa ham katta tayyorgarlikka ega ekan. Uchrashuvimiz deyarli, teng kurashlar ostida kechdi. O‘tgan 2014 yilda  ham “Uz-Tong Heung” jamoasi bilan finalda maydonga tushganmiz. Mana bu yil ham shunday bo‘ldi.

O‘yinning oxirgi daqiqalarida “Uz-Tong Heung” jamoasi ham  raqib darvozasi oldida ko‘plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirgan bo‘lsa-da, ularning barchasi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.  Shunday qilib, “O‘zavtosanoat” AK va “Uz-Tong Heung” qo‘shma korxonasi  jamoalari o‘rtasida  o‘tkazilgan  o‘yinda  2:0 hisobida “O‘zavtosanoat” AK jamoasi g‘olib bo‘ldi.

Elyorbek Rahmatullayev, “Uz-Tong Heung” qo‘shma korxonasi ishchisi:  Turnirda ishtirok etgan barcha jamoalar  kuchli ekan. Shunga qaramasdan, jamoamiz g‘olib bo‘lish uchun harakat qilishdi va natijada, ikkinchi o‘rinni egalladik.  Bu yil “O‘zavtosanoat” AK va “Uz-DongJu Paint Compani” qo‘shma korxonasi jamoalari bizga eng asosiy raqib bo‘lishdi.   Kubok musobaqalariga oldindan katta tayyorgarlik ko‘rgan edik. Birinchi o‘rinni egallashimiz uchun bizga omad yetishmadi deb o‘ylayman.  Chunki  jamoamizdagi barcha o‘yinchilar bir-birini tushungan holda  aniq harakat qildik.  To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, Andijonda o‘tkaziladigan futbol turnirlarida ham finalda asosan, “Uz-DongJu Paint Compani” bilan ro‘para kelamiz. Ancha kuchli jamoa va ularni yengish biz uchun oson kechmadi.  Shunday bo‘lsa-da, 3:2 hisobida  ulardan ustun keldik.

Shundan so‘ng, “Uz-DongJu Paint Compani” va “General Motors Powertrain O’zbekiston” AJ korxonalari jamoalari o‘zaro maydonga tushishdi.  O‘yinning birinchi qismida darvozalar daxlsizligi saqlab qolingan bo‘lsa-da, har ikki jamoa o‘yinchilari anchagina qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan holda o‘yin namoyish etishdi.  Shu bois  uchrashuvni boshqarib borayotgan hakam tomonidan ko‘plab jarima to‘plari belgilandi. Albatta uchrashuvning birinchi qismida har ikaala darvoza yonida  ko‘plab xavfli vaziyatlar yuzaga kelsa-da, darvozabon mahorati tufayli ular  bartaraf etildi. Bunda ayniqsa “General Motors Powertrain O’zbekiston” AJ jamoasi darvozaboni chaqqon harakat qilishi va vaziyatni oldidan to‘g‘ri baholay olishi tufayli ko‘pchilikning e'tiboriga tushdi. Ta'bir joiz bo‘lsa,  jamoa a'zolarining yo‘l qo‘ygan xatolari tufayli yuzaga kelgan  vaziyatlarni bir o‘zi bartaraf eta oldi.

Sirojiddin Husniddinov, “General Motors Powertrain O’zbekiston” AJ korxonasi ishchisi: Bu yilgi  futbol turniri oldingilariga qaraganda  ancha yaxshi tashkil etilgan. Kubok musobaqalari juda ajoyib tarzda o‘tdi. Jamoamiz ham  yaxshi natijalarni ko‘rsatish uchun harakat qilishdi.  To‘g‘ri  sovrindorlar qatoridan joy olish bizga nasib etmagan bo‘lsa-da, anchagina yaxshi ishtirok etdik. Raqiblar bu yil juda kuchli tayyorgarlikka ega ekan. Jamoamizda o‘tgan yili ko‘pchilikning nazariga tushgan eng yaxshi o‘yinchilarimizdan biri ishtirok etmadi. Albatta uning o‘rni bilingani hamda bizga biroz tajriba yetishmagani uchun ham   faxrli o‘rinlarni qo‘lga kirita olmadik.  

 O‘yinning ikkinchi qismida “General Motors Powertrain O’zbekiston” AJ jamoasi a'zolari bir-birini tushunmagan holda noaniq harakatlar qila boshladi. Bundan unumli foydalangan “Uz-DongJu Paint Compani” vakillari hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi.

Ularning raqib darvozasiga kiritgan yagona goli o‘yin taqdirini  ham hal qildi. Shunday qilib, avtomobilsozlar o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘tkazilgan Mustaqillik Kubogi-2015” musobaqalarida O‘zavtosanoat” AK birinchi, “Uz-Tong Heung”  jamoasi ikkinchi, “Uz-DongJu Paint Compani” qo‘shma korxonasi vakillari esa uchinchi o‘rin sohibi bo‘lishdi.

Albatta, bunday  sport sog‘lomlashtirish tadbirlari  nafaqat ishchi-xodimlarning  sog‘lom turmush tarziga amal qilishlarida, balki  bir-birlaridan  tajriba almashish va  o‘zaro hurmat, mehr-oqibat kabi tuyg‘ularning kurtak otishida ham muhim ahamiyatga ega. Taqdirlash marosimida nafaqat faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalarga, balki har bir ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

tepaga