logo

SPARTAKIADA-2015

Davlatimiz tomonidan inson salomatligini yanada mustahkamlash, yurtimizda sog‘lom insonlar safini kengaytirish, onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini keng omma o‘rtasida shakllantirish, har bir shaxsning salomatligi o‘z qo‘lida ekanligini aholi o‘rtasida keng tashviqot-targ‘ibot qilishga, bir so‘z bilan aytganda, sog‘lom jamiyatni tashkil etishga katta e'tibor qaratilgan. Ayniqsa,  turli sohalarda  faoliyat yuritayotgan  korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlari orasida  sport-sog‘lomlashtirish musobaqalarini   tashkil etish  tobora an'ana tusini olmoqda. Jumladan, “O‘zavtosanoat” AK  tarkibidagi  40 dan ortiq qo‘shma korxonalarda mehnat qiluvchi ishchi-xodimlar o‘rtasida turli sanalar munosabati bilan  sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish  yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mana yetti yildirki, “Avtosankomplekt” MCHJ tomonidan kompaniya tizimidagi korxona va tashkilotlar o‘rtasida Spartakiada musobaqalari o‘tkazib kelinadi. Mazkur musobaqaning bu yilgisiga ham  Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Qizilsuv” sport sog‘lomlashtirish maskani mezbonlik qildi.

Abdulaziz MUTALLIYEV, «GM Powertrain Uzbekistan» qo‘shma korxonasi ishchisi: Spartakiada musobaqalari juda zo‘r o‘tayapti. Jamoamizdan men musobaqaning  16 bosqichida kenguru kabi yugurish bo‘yicha qatnashdim.  Albatta,  raqibimiz bilan birga zo‘r va chiroyli yugurdik. O‘zimizga juda yoqdi. Raqib jamoa, «GM Uzbekistan» «» kompaniyasi vakillari edi. Ular ham juda yaxshi ishtirok etishdi. Bunday musobaqalar ko‘plab o‘tkazilsa, tizimdagi turli kompaniya vakillari orasidang ko‘plab do‘stlar orttiramiz. Men keyingi yili ham bu musobaqalarda qatnashishga harakat qilaman. Men bu yil ilk bor  qatnashishimga qaramasdan, taassurotlarim juda zo‘r bo‘ldi. Tashkilotchilarga katta rahmat.

Yelena Karandashova,  Samarqand avtomobil zavodi ishchisi: Ushbu tadbirning o‘tkazilishi nafaqat  bitta jamoa ishtirokchilari orasida,  balki butun jamoalar a'zolari o‘rtasida mehr, oqibat, do‘stlik  kabi insoniy tuyg‘ularning kurtak otishiga, shuningdek tizimdagi barcha ishchi-xodimlarning sog‘lom va ko‘tarinki ruhda  ishlashlariga o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatadi. Chunki musobaqalar davomida har bir ishtirokchi o‘z jamoasi g‘olib chiqishi uchun  tinimsiz harakat qilishi bilan birga bir- biriga  beg‘araz yordam  ham ko‘rsatishdi.  Albatta,  har bir jamoa o‘ziga topshirilgan  vazifalarni a'lo darajada uddalashdi. Men o‘tgan yili ham ishtirok etgandim Bu yili  halqa yordamida koptokni manzilgacha olib borishim kerak edi. Shart ancha qiyin bo‘lsada, uni uddalashga harakat qildim.

Kunning birinchi yarmida barcha ishtirokchilar  jamoalarga bo‘lingan holda Spartakiada musobaqalarining 18 ta sharti bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, har bir jamoaning 20 nafar ishchidan tarkib topganligi har bir shartlar alohida-alohida ishtirokchilar tomonidan bajarilishiga zamin yaratdi.  Spartakiada musobaqalarida har bir bosqichda amalda oshiriladigan mashqlarning bir-biri bilan uzviy bog‘liqligi esa  birgina ishtirokchining juz'iy xatosi tufayli butun jamoaning ortda qolib ketishi mumkinligidan darak beradi. Buni yaxshi tushungan   ishtirokchilar imkon qadar xatoga yo‘l qo‘ymasdan, har bir shartda ko‘rsatilgan mashqlarni aniq va puxta bajarishga harakat qilishdi.

Daniya PAVLOVA, Samarqand avtomobil zavodi ishchisi: Ushbu Spartakiada musobaqalarida qatnashganimdan juda xursandman.  Juda qiziq va esda qolarli bo‘ldi.  To‘g‘ri, musobaqalar shartida havaskor sportchilar bajarishi qiyin bo‘lgan murakkab mashqlar ham bor edi. Shunga qaramasdan jamoamiz bilan birgalikda bu shartlarning barchasini uddaladik. Men arg‘amchida sakrash shartida qatnashdim. Bu kabi musobaqalarni tashkil etib kelayotgan tashkilotchilarga katta rahmat. Chunki bunday tadbirlar tizimda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilot xodimlarining o‘zaro  hamkorligiga  ham ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Mirbahrom ASROROV, «GM Uzbekistan» ishchisi: Kompaniyaga ishga kirganimga hali ko‘p bo‘lmadi. Musobaqada ham ilk bor ishtirok etayapman. Bu kabi tadbirlar  yosh kadrlarni  katta bir guruh, bitta oila bo‘lib ishlashga  targ‘ib qiladi.  Juda qiziqarli o‘tayotgan  musobaqa ishchilar orasida sog‘lom turmush tarzini  yaratishda ham muhim ahamiyatga ega. Jamoamiz orasida men eng og‘ir shartni bajarsam ham uni muvaffaqiyatli uddaladim, deb o‘ylayman. Raqib jamoamiz o‘tgan yili chempion bo‘lgan ekan. Buni futbolga qiyoslasak, bizning musobaqamiz haqiqiy «El Klassiko» bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki raqib jamoa umuman bo‘sh kelgani yo‘q. Ular ham jismoniy baquvvat ishchilar ekan.

To‘g‘ri tizimdagi barcha ishchi xodimlar professional sportchi darajasiga ega bo‘lmagani bois, bir mashqni ikki martadan bajargan ishtirokchilar ham bo‘ldi. Aksariyat ishtirokchilarning oila a'zolaridan iborat muxlislar guruhi esa ularning g‘alaba marrasi sari dadil intilishlari uchun   ruhiy dalda berib turishdi.     

            Alisher Shuhratzoda, “Man Auto Uzbekistan”  qo‘shma korxonasi ishchisi:  Bugun  boshqa  jamoalar qatori Spartakiada musobaqalarida munosib ishtirok etishga harakat qildik. Afsuski ba'zi jamoadoshlarimizning xatoga yo‘l qo‘ygani bois, marraga biroz kech yetib keldik. Bundan  tashqari jamoamizda ishtirokchilar soni ham kam edi.  Albatta  bu spartakiadada birinchi bor ishtirok etishim.  Men sherigim bilan birga musobaqaning  siam egizaklari  bosqichida qatnashdim.  Bu juda qiyin mashq bo‘lsa-da, uni muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Bu kabi musobaqalar  ishtirokchilarning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Mahmud AKBAROV, «GM Powertrain Uzbekistan» qo‘shma korxonasi ishchisi:  Men Spartakiada musobaqalarida ikkinchi marta qatnashayapman. O‘tgan yilgi  musobaqadan bu yilgisi ancha farq qiladi. Bu yil suzish bahslari qo‘shilgan. Keyin  ba'zi bir shartlarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Bundan tashqari, bu yil ob-havo ham juda ajoyib. Hozir jamoamiz bilan yaxshi natijalarga erishishga harakat qildik. Men qutqaruvchi bosqichida qatnashdim, ya'ni, sherigimni manzilgacha ko‘tarib olib boraman, u esa keyingi shartni bajaradi.  Taassurotlar juda zo‘r.

Suzish, yaqin masofaga yugurish, darts, arg‘amchida sakrash,merganlik kabi 18 ta shartdan iborat Spartakiada musobaqalarida “O‘zavtosanoat” AK,  O‘zavtosanoat-lizing, Samarqand avtomobil zavodi va  “GM Powertrain Uzbekistan”, ”ManAuto Uzbekistan” qo‘shma korxonalari hamda “GM Uzbekistan” AJ jamoalari ishtirok etishdi. Qiziqarli va ko‘tarinki ruhda o‘tgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, “GM Powertrain Uzbekistan” qo‘shma korxonasi vakillari birinchi o‘rin sohibi bo‘lishdi.

«GM Powertrain Uzbekistan» qo‘shma korxonasi direktori:  Men  GM konsernining ko‘pgina davlatlardagi  filiallarida ish yuritganman. Shuni alohida ta'kidlashim kerak-ki,  avtomobilsozlik korxonalari o‘rtasida  turli tadbir va musobaqalarning o‘tkazilishiga aynan, O‘zbekistonda guvoh bo‘layapman.  Kompaniya birdamligini ta'minlashda bunday tadbirlarning ahamiyati katta. O‘tkazilgan spartakiada musobaqalarida bizning qo‘shma korxonamiz  birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buning sababi ishchilarimizning aksariyati yoshlar ekanligida bo‘lsa kerak. Men ikki yildan beri ushbu musobaqalarda  tomoshabin sifatida qatnashib kelayapman. Kelgusi yili  agar  taklif etishsa, musobaqaning birinchi bosqichi - suzish bahsida qatnashgan bo‘lardim.   

Samarqand avtomobil zavodi jamoasiga esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritish nasib etdi. “GM Uzbekistan” AJ jamoasi esa bu yil uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Shuningdek,  bir qancha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, barcha g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar e'tiboriga Spartakiada musobaqalariga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.

tepaga