logo

Sog'lom turmush tarzi yo'lida

Yurtimiz sport mamlakati ekani jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilmoqda. Istiqlolning dastlabki yillaridan O'zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to'g'risida»gi qonuniga muvofiq jismoniy tarbiyaning uzluksizligi va davomiyligi turmush tarzi normasi sifatida belgilandi va mazkur qonun yaqinda yangi tahrirda qabul qilindi. Buning samarasida 2002 yil Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi tashkil etildi, jismoniy kamolotga erishishning uch bosqichli noyob tizimi – maktab o'quvchilarining «Umid nihollari», kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o'quvchilarining «Barkamol avlod» va talabalar Universiadasi sport musobaqalari o'tkazib kelinmoqda.

Sport bilan shug'ullanish uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani, jumladan, sport ob'ektlarining moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanib borayotgani natijasida bolalarning sportga bo'lgan qiziqishini yanada oshirish, ya'ni jismonan va ma'nan sog'lom avlodni tarbiyalashga erishilmoqda. O'tgan vaqt davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi tomonidan 1700 dan ortiq sport ob'ektlari bunyod etildi va bu sportning ommaviyligini muttasil oshirishga xizmat qilmoqda. Bugun ikki milliondan ortiq o'g'il-qiz sportning 30 dan ortiq turi bilan muntazam shug'ullanmoqda. Bitta sport inshootidan bir kunda o'rtacha foydalanish vaqti, 9,8 soatni tashkil qilayapti. Bolalar sporti ob'ektlari, asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy inventar va uskunalar bilan jihozlanayotganini alohida ta'kidlash joiz. Ayni paytda 120 turdagi sport inventari va uskunasining 116 tasi mamlakatimiz korxonalarida tayyorlanmoqda. Ularning aksariyati ixtisoslashtirilgan «Sport World Uzbekistan – 2015» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari xalqaro ko'rgazmasida namoyish etilmoqda.

O'z o'rnida ishlab chiqarish sohasida ham sport uskunalari, anjomlari va buyumlarini ishlab chiqarishga, ularni bosqichma-bosqich takomillashtirib, sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan avtomobil zavodlariga butlovchi qismlar etkazib berishga ixtisoslashgan “O'zavtosanoat” AK tizimidagi aksariyat qo'shma va mahalliy korxonalar ham bugungi kunda nafaqat avtomobillarning butlovchi qismlarini, balki turli xalq iste'moli mollari xususan, sport jihozlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishgan.

Sobir MIRZAAXMYeDOV, “O'z-Xanvu” marketing bo'limi mutaxassisi: Mana ikki yildirki sport inventarlari ko'rgazmasida ishtirok etayapmiz. Korxonamizda ayni paytda xalq iste'moli buyumlari, shu jumladan, sport trenajyorlarini ham ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. O'tgan yili ushbu ko'rgazmada ishtirok etganimizda korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgan va mahsulotlarimizni etkazib berish bo'yicha ko'plab shartnomalar tuzgan edik. Bu yil ham korxonamizda ishlab chiqarilayotgan 15 turdagi sport uskunalari bilan ishtirok etayapmiz. Bizning mahsulotlarimiz asosan, sport maydonchalariga o'rnatiladigan trenajyorlardan iborat.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, «O'zavtosanoat» AK korxonalari stendi va sport jihozlari ishtirokchilar e'tiborini jalb etdi. Bu erda kompaniya tizimidagi sport inventarlari ishlab chiqaradigan o'ndan ortiq korxonalarning mahsulotlari namoyish qilindi. Jumladan, «O'z Dong Yang» qo'shma korxonasining balandlikka sakrash moslamalari, sport sumkalari, mashq manekenlari va boks anjomlari sportsevar yoshlarni o'ziga ohangrabodek jalb etgan bo'lsa, «O'z Koji» mas'uliyati cheklangan jamiyatining futbol, gandbol, stol tennisi va katta tennis to'rlari ko'rgazmaga tashrif buyurgan katta-yu - kichikka birdek manzur bo'ldi. «O'z Minda» mas'uliyati cheklangan jamiyati esa sekundomerlar, shaxmat soatlari, hisob va vaqt tablosi, sport trenajyorlari to'plami, shuningdek, boshqa mahsulotlarni ishtirokchilar e'tiboriga havola etdi.

Dilmurod XOJIMATOV, Norin mexanikal plant zavodi ta'minot bo'limi boshlig'i: Ko'rgazmada besh turdagi velosipedlarimiz bilan qatnashayapmiz. Bu velosipedlar yangi turdagi velosipedlar bo'lib, o'tgan yilgi mahsulotlarimizga qaraganda bularga anchagina o'zgartirishlar kiritilgan. Masalan, ko'p bosqichli tezlikda harakatlanadigan velosipedlar ishlab chiqardik. Bir qancha rusumlarimizga o'zgartirishlar kiritib, ularga zamonaviy ko'rinish berdik. Bundan tashqari, bir qancha zamonaviy yangi rusumlar bilan boyitdik. Bu velosipedlar Yevropa standartlariga to'la javob beradi.  

“O'zavtosanoat” Ak tizimidagi eng kenja ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblangan “Norin mexanikal plant” korxonasiga velosipedlar uchun xomashyoni ayni paytda, kompaniya tizimidagi boshqa korxonalar etkazib bera boshladi. Jumladan, velosipedning asosini tashkil etuvchi temir quvurlarni asosan, Asaka avtokomponent korxonasi etkazib beradi. Farg'onadagi “Aist Velo” korxonasi esa velosipedlarning qanot va gardishlarini hamda yuklagichlarini etkazib beradi. «Sport World Uzbekistan – 2015» bilan bir maydonda «Bolalik dunyosi – 2015» ko'rgazmasi ham ochildi. Ushbu ko'rgazmada nafaqat bolalar uchun mo'ljallangan mahsulotlar bilan tanishish, balki bitimlar tuzish, bolalar salomatligi, tarbiyasi va ta'limi xususida muhim ma'lumotlarga ega bo'lish mumkin. Ko'rgazma ishtirokchilari ko'lami ushbu tadbirning naqadar muhim ekanidan dalolat beradi. Har yili yuzlab ishtirokchilar bu erda bolalarning bejirim liboslari, maktab anjomlari, transformer stollar va bosh mahsulotlarni xarid qilmoqda, etakchi mutaxassislardan bepul maslahat olish imkoniga ega bo'lmoqda. Bolajonlar esa ular uchun tashkil etilgan mahorat saboqlari va qiziqarli ko'ngilochar dasturlarda ishtirok etmoqda.

MengXin LuoziJun, tadbirkor (Xitoy) O'z DongJu korxonasi bilan hamkorlikda sport anjomlari va har xil turdagi oyoq kiyimlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'yganmiz. Mana ayni paytda tayyorlanayotgan sport oyoq kiyimlarimiz asosan yugurishga ixtisoslashgan bo'lib, turli yosh va jinsdagi insonlar uchun mo'ljallangan. Bunday oyoq kiyimlarining 20 dan ortiq turdagilari ishlab chiqarilmoqda. Shu kungacha 7 ming juft oyoq kiyimlarini ishlab chiqarib, bozorlarda sotuvini yo'lga qo'ydik. Kelgusida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar qatoriga yana ko'plab turdagi sport oyoq kiyimlari va sport kiyimlarini ham ishlab chiqarishni kiritish rejamiz bor. Ayni paytda bu bo'yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtingizda biz kabi xorijiy tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar yaratilganidan xursandmiz.

Bu yilgi ko'rgazmada o'ttizdan ortiq eksponent o'z mahsulotlarini «Sport inventari», «Sport uskunalari», «Sport trenajyorlari», «Sport xizmatlari va fitnes», «Sog'lom ovqatlanish» kabi turli bo'limlarda namoyish etishdi. «Sport World Uzbekistan – 2015» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari hamda «Bolalik dunyosi – 2015» bolalar va o'smirlar uchun tovar va xizmatlar xalqaro ixtisoslashtirilgan ko'rgazmalari aholi, ayniqsa, bolalar va o'smirlarni sog'lom turmush tarzi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishga jalb etish, barkamol avlodni tarbiyalashga doir ilg'or ishlanmalar bilan tanishtirishga xizmat qiladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

tepaga