logo

Toshkentda mintaqada yagona bo'lgan Politexnika muzeyi ochildi

11.11.2015

Toshkentda fan va texnika, transport vositalarining rivojlanish tarixi, buyuk olimlarning olamshumul ixtirolari haqida hikoya qiluvchi – O'rta Osiyoda yagona bo'lgan Politexnika muzeyi ish boshladi. Muzey ochilishi munosabati bilan o'tkazilgan tadbirda “O'zavtosanoat” AK vakillari, shuningdek, avtomobil ishqibozlari-yu, avtohavaskorlar ishtirok etishdi. Ochilish marosimida ta'kidlanganidek, “O'zavtosanoat” AK ning poytaxt markazidagi yangi binosida joylashgan mazkur muzey ekspozitsiyasi uchta: “Dunyo avtomobilsozligi tarixi”, “O'zbekiston avtomobilsozlik sanoati tarixi”, “Interfaol mashg'ulot” qismlaridan iborat. “Dunyo avtomobilsozligi tarixi” deb nomlangan birinchi qismda dunyo avtomobilsozligining rivojlanish tarixidan hikoya qiluvchi dastlabki avtomobillar, jumladan, bugungi kunda antikvar avtomobilga aylangan “Wolksvagen Juk”, “Moskvich 400”, “GAZ-13”, “Chayka” hamda bug', elektr, ichki yonuv dvigitelli avtomobillarning maketlari bilan boyitilgan. Bu erda siz ushbu avtomobillarning yaratilish tarixi va asoschilari haqidagi ma'lumotlar bilan ham keng tanishishingiz mumkin. Bu qismdagi eksponatlar orasida ilk g'ildirak va uning paydo bo'lish tarixi asosiy e'tiborni tortadigan bo'lsa, Qo'qon aravasi sizni o'tgan kunlar sari etaklaydi. Xorazm aravasi ko'z oldingizda yurtimizning o'tmish xotiralarini gavdalantiradi. Fikringizni yig'ib ulgurmasdan, Toshkentda qatnovi yo'lga qo'yilgan ilk tramvay, trolleybuslar harakatini o'zida aks ettirgan videoroliklar va maketlar sizni yana o'tgan asrning dastlabki yillariga qaytishga undaydi. Shuningdek, muzeyda yurtimizning qishloq xo'jaligida foydalanilgan ish qurollaridan tortib, ilk traktorning qanday kutib olinganligini aks ettiruvchi eksponatlar hamda bugungi kunda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan traktorlar rusumlarining mavjudligi bois, bu erda o'tgan yillar mobaynida qishloq xo'jalik texnikalarining rivojlanish bosqichlari bilan tanishishingiz mumkin. 1924 yilda ishlab chiqarilgan “Fordzon”, 1934 yilda dunyo yuzini ko'rgan “Universal” traktorlari ham muzeydagi noyob eksponatlar qatoridan joy olgan. Keyingi bo'limdagi eksponatlar yurtimiz avtomobilsozligi tarixi, uning rivojlanish bosqichlari, bugun sohada faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalari haqida sizga batafsil ma'lumot beradi. Muzeyga tashrif buyuruvchilarning diqqatini o'ziga tortayotgan “General Motors Uzbekistan” AJ zavodining maketi har qanday insonni lol qoldirishi tayin. Mazkur maket Toshkentdagi Turin politexnika universiteti talabalari tomonidan yasalgan. Bu erda Asaka avtomobil zavodi konveyeridan turli yillarda ishlab chiqarilgan ilk avtomobillarni ko'rish mumkin. Yurtimizda ishlab chiqarilishi muhim voqea sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlangan, bir-biridan shinam avtomobillar muzeyga o'zgacha ko'rk bag'ishlab turibdi. “Spark avtomobilining mahalliylashtirilgan butlovchi qismlari” ekspozitsiyasida uning barcha qismlari namoyish etilgan. Ko'rgazmada 3D-mapping tomosha usulidan foydalanilgan. Muzeyni tomosha qilar ekansiz, qisqa muddatda mamlakatimiz erishgan yutuqlar ko'z oldingizda namoyon bo'layotganidan qalbingizda beixtiyor g'urur hissini tuyasiz. Muzeyning ikkinchi qavatida “Interaktiv mashg'ulot” qismi mavjud bo'lib, bu erda sizni aniq fanlar bo'yicha ulkan yutuqlarga erishgan nafaqat sharq allomalari, balki g'arb allomalari ham kutib olgandek bo'ladi. Ayniqsa, dunyodagi ilk o'lchov birliklari, teleskop, yurtimiz tarixiga oid qiziqarli faktlar, Tesla shari, Velogeneratorlar, Suv aylanishining tsikli, uy shaklidagi soat, Arximed richagi, Leonardo da Vinchi ko'prigi, yosh mutaxassislar tomonidan yaratilgan raqsga tushuvchi robotlar – bularning bari kichik yoshdagi bolakaylar, o'smirlar va hatto kattalarning ham aqlini charxlashga, hayotda fizika qonuniyatlari asosida qanday ishlarni amalga oshirish mumkinligi haqida qiziq ma'lumotlar olishga xizmat qiladi. Aynan, mana shu bo'lim farzandlarning aqlini charxlabgina qolmay, dunyoqarashini kengaytirishga ham xizmat qilishi turgan gap. Misol uchun, ko'zguli labirint va labirint kitoblari gradusni o'rgatsa, illyuziya xonasi, blokli mexanizm ularni o'yga toldirib, yanada ko'proq mushohada yuritishga, bilim olishga undaydi. Muzey mutasaddilari yaqin kunlarda bu erda fizika, matematika va astronomiya fanlari bo'yicha interaktiv seminarlarni muntazam o'tkazishni rejalashtirishgan. Shuningdek, tasviriy san'at va robot yasash texnikasiga qiziquvchi yoshlar uchun tasviriy san'at hamda robototexnika,bo'yicha maxsus kurslar tashkil etish ham ko'zda tutigan.Bundan tashqari, muzey ekspozitsiyasidan turli yoshdagi tashrif buyuruvchilarni o'ziga maftun qiluvchi ko'plab eksponatlar o'rin olgan. Bu erda hatto jajji kichkintoylar uchun bolalar maydonchasining ham mavjudligi, bolajon xalqimizning muzey eksponatlari bilan bemalol tanishishlarida juda qo'l keladi. Bir so'z bilan aytadigan bo'lsak ming marta eshitgandan ko'ra bir marta ko'rgan yaxshi deyishadi,donolar. Muzeyga keling, eksponatlar bilan tanishing va o'z ko'zingiz bilan sizga aytganlarimizning guvohi bo'ling.

"O'zavtosanoat" AK axborot xizmati

tepaga