logo
Orqaga qaytish

X-Xalqaro Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida Samarqand avtomobil zavodining ishtiroki

27.10.2016

Shu kunlarda Toshkentdagi «O‘zEkspomarkaz» Milliy ko‘rgazma kompaniyasi hududida an'anaviy Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi  bo‘lib o‘tmoqda.  Mazkur tadbirda “O‘zavtosanoat” AK tarkibidagi «Samarqand avtomobil zavodi» MCHJ ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Joriy yilning 31 oktyabriga qadar davom etadigan mazkur tadbirda yuk avtomobillari, avtobuslar va maxsus transport vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Samarqand avtomobil zavodi 6 turdagi mahsulotlarini tashrif buyuruvchilarga namoyish etmoqda. 

Past polli LE60 shahar avtobusi, ISUZU NKR shassisi bazasidagi tez yordam avtomobili, NKR  toifasidagi kam yuk ko‘taruvchi avtofurgon hamda maxsus transport vositalaridan  NQR o‘t o‘chirish avtomobili va  siqilgan tabiiy gaz (metan)da ishlovchi dvigatel bilan jihozlangan NPR 82L  chiqindi tashuvchi avtomobili  shular jumlasidandir.

Bundan tashqari Samarqand avtomobil zavodi  mahsulotlari ekspozitsiyasidan yangi  SAZ HD 50 avtobusi ham o‘rin olgan bo‘lib, 44 nafar yo‘lovchini o‘zida sig‘dira oladigan  ushbu transport vositasida yo‘lovchilar uchun 29 ta o‘rindiq mavjud. Yangi avtobus 150 ot kuchi quvvatiga teng Yevro-4 xalqaro ekologik talablariga javob beruvchi, dizel yoqilg‘ili ISUZU dvigateli bilan  jihozlangan.

 «O’zavtosanoat» AK axborot xizmati

Boshqa yangiliklar

tepaga