logo
Orqaga qaytish

“UzAuto” xodimlarining muvaffaqiyat tarixlari: Farhodbek Madrahimov EVA (Etil Venil Atsetat) ishlab chiqarish sexi boshlig‘i

08.10.2021

Farhodbek Madrahimov o‘z faoliyatini 2013 yilda “O'z-HANWOO” korxonasida sifat nazorati muhandisi lavozimidan boshlagan. U hozirda EVA (Etil Venil Atsetat) ishlab chiqarish sexi boshlig‘i.

Farhodbek xom ashyoni samarali sarflash hisobiga mahsulot samaradorligini oshirib, korxonaning 100 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni tejashiga qo‘shgan hissasi uchun 2019 yilda “O‘zAvtoning Eng yaxshi xodimi” unvoniga sazovor bo‘lgan. Shundan buyon uni korxonada “ratsionalizatorlik qiroli” deb atashadi.

Ratsionalizatorlik g‘oyasi sizda qanday paydo bo‘ldi?

Rahmatli onam iqtisodchi bo‘lganlar va bizlarni isrof qilmaslikka o‘rgatganlar. Korxonaga yangi ishga kelganimda, xom ashyoni tayyorlash jarayonida ko‘p chiqindi chiqishiga ko‘zim tushdi. Shunda men bo‘lim boshlig‘imizga xom ashyoni qisqartirishni taklif qildim va shu orqali korxonaga qancha iqtisodiy samara keltirish mumkinligini hisoblab ko‘rsatdim. Taklifim tufayli 2017 yilda korxonamiz 70 ming AQSh dollari iqtisod qilishga erishdi. 2018 yil esa bu ko‘rsatkich 80 ming dollarga yetdi. 2019 yil iyun oyida esa men EVA ishlab chiqarish sexi boshlig‘i lavozimiga o‘tkazildim. O‘sha yili EVA mahsulotlarini chiqindisiz ishlab chiqarish hamda ish sur’atini 30-40%ga oshirish natijasida yil yakuni hisobiga ko‘ra deyarli 100 ming AQSh dollariga teng mablag‘ tejashga erishdik.

Eng kuchli tarafingiz nimada deb uylaysiz?

O‘zimning kuchli tarafim deb kommunikativligim, ya’ni insonlar bilan muloqot qila olishimni bilaman. Shuningdek, rahbariyat tomonidan berilgan topshiriqlarni to‘g‘ri ilg‘ab olib tez va sifatli bajarishga harakat qilaman.

Bugungi kunda yaxshi xodim bo‘lish uchun texnik ko‘nikmalarning o‘zigina yetarli emas. xodimlarning boshqalar bilan kommunikatsiya qila olish qobiliyati, o‘z fikrini to‘g‘ri tushuntira olishi juda muhim deb o‘ylayman.

Ish jarayonidagi qiyinchiliklarni qanday yengasiz?

Albatta ish bor joyda qiyinchiliklar ko‘p bo‘ladi. Ba’zida biz kiritayotgan takliflar texnologlarga yoqmasligi mumkin, chunki bu takliflar tasdiqlangan jarayonni o‘zgartirishni taqozo etadi. Shunday paytda takliflarimiz sifatga salbiy ta’sir qilmasligini isbotlab berish uchun ancha ter to‘kamiz. Texnologning sinovidan o‘tganimizdan keyin iqtisodchi mutaxassislar bilan ishlaymiz. Ishlab chiqarishda tavakkal qilmasangiz, ehtimoliy salbiy oqibatlardan cho‘chisangiz, yangilik yarata olmaysiz.

Biz iloji boricha muammolar haqida emas, balki uni qanday hal qilish mumkinligi haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Korxonamizning eng katta yutug‘i rahbariyat bilan hamfikrlikda, ya’ni bir jamoa bo‘lib ishlashimizda deb hisoblayman. O‘sha birdamlik bizga ko‘pgina qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi.

2021 yilda qanday loyihalarni amalga oshirdingiz?

Yil boshida “O‘zAvto” raisi tomonida korxonamizda har bir sexga o‘z byudjetini tashkil qilish hamda reja asosida xarajatlarni taqsimlash vakolati berildi. Endi xarajatlarni qanchalik qisqartirsak, korxonamizga ham, daromadimizga ham shunchalik foyda bo‘ladigan bo‘ldi.

O‘tkazilgan islohotlar natijasida EVA ishlab sexida 22 ta ishchi bajargan ishni 9 ta ishchi bajarishiga erishdik.

EVA xom ashyosi tarkibida “I-20 moyi” markali sanoat moyini 1 kg uchun birja orqali 8500 so‘mga sotib olardik. Biz buning o‘rniga dastgohlarda ishlatiladigan va chiqindi moy sifatida sotilgan moyni mahsulot sifatiga ta’sir qilmagan holda qayta ishlatishga muvaffaq bo‘ldik.

Sizga nima motivatsiya beradi?

Men uchun motivatsiya – maosh. Oyligim halol yo‘l bilan ko‘payishini xohlayman. Men oila boshlig‘i sifatida, turmush o‘rtog‘im ro‘zg‘orga nimadir kerak desa, olib kela oladigan darajada bo‘lishim kerak. 2021 yildan korxonada oylikdan tashqari har bir xodimga biznes rivojiga qo‘shgan hissasiga qarab KPI to‘lovi joriy etilgan. Hozirda korxonamiz eng rentabel korxonalardan bittasi. To‘g‘risi, bizda pul muammo emas.

O‘z jamoangizga qanday motivatsiya berasiz?

Men xodimlarga yaxshi ishlashlari natijasida qanday samaraga erishishimizni tushuntiraman. Korxona qanchalik foyda ko‘rsa o‘zimizga foyda ekanligini uqtiraman. Keyin yigitlar qiziqib yanada ko‘proq ishlashadi. Chunki biznesda o‘zingiz harakat qilmasangiz, tashqaridan hech kim sizga pul olib kelib bermaydi.

Telegram / Facebook / Instagram

www.uzavtosanoat.uz  

tepaga