logo
Orqaga qaytish

Yaponiyaning «Isuzu Motors» kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodining ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzoladi

Toshkent shahri, 29 iyul 2015 y. – Yaponiyaning «Isuzu Motors» kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodining ustav kapitalidan 8 % ulushni o‘zlashtirish bo‘yicha “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi  bilan kelishuv imzoladi.

Ushbu kelishuv «Isuzu Motors» va “O‘zavtosanoat” AK o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro foydali hamkorlikning mantiqiy davomi hisoblanadi. Tashrif davomida tomonlar Samarqand avtomobil zavodini kelgusida uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi, modellar qatorini kengaytirish va yangilash, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish, hamda sohaga ilg‘or yapon texnologiyalarini va ishlab chiqarish jarayonini tadbiq qilish bo‘yicha kelishuvga erishishdi.

-«Isuzu Motors» kompaniyasining, Samarqand avtomobil zavodi aksiyadorlari qatoriga qo‘shilishi, “O‘zavtosanoat” AK bilan hamkorligimizning haqqoniy bosqichi hisoblanadi»- deya ta'kidladi «Isuzu Motors»ning bajaruvchi Vitse-Prezidenti va direktori Takanobu Furuta. -O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov olib borayotgan iqtisodiy siyosatga ko‘ra, mamlakatingizda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan qulay investitsion muhit yaratilgan. Transport infratuzilmasini rivojlantirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni hisobga olsak, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sifatli yuk avtomobillariga katta ehtiyoj borligini ko‘rdik.

 “Bizlar uchun iqtisodiyotda o‘sishga yuqori imkoniyat bo‘lgan bozorlarga investitsiya kiritish juda muhim. Mintaqada strategik ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston, har doim «Isuzu Motors» uchun muhim hamkor hisoblangan va bizning 8 yildan ko‘proq muddatdagi munosabatlarimiz mustahkam asosga ega. Mamlakatingiz mustahkam va barqaror rivojlanish yo‘lida ishonch bilan harakat qilayotgani, O‘zbekistonda ulkan imkoniyatlar mavjudligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda bizning hamkorligimiz yangi bosqichga o‘tganidan men bag‘oyatda xursandman.”

«Isuzu Motors» va “O‘zavtosanoat” AK hamkorligi 2007 yilda boshlangan edi. Siqilgan tabiiy gazda harakatlanadigan yuk avtomobillarining yangi modellarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ushbu hamkorlik rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.

Hozirgi vaqtda “SamAvto” MCHJda quyidagi ishlab chiqarish yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan:

-shahar va shahar atrofiga qatnaydigan 37 va 21 kishiga mo‘ljallangan 7 metrlik avtobuslar, hamda yangi 60 kishiga mo‘ljallangan pastpolli 8 metrlik shahar avtobusi;

- 5-10 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega, siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi, 26 turdagi (platforma, avtofurgon, o‘zi ag‘dargich, kommunal xizmatlar va boshqa ehtiyojlar uchun ixtisoslashtirilgan) kuzovlar bilan jihozlangan yuk avtomobillari, ishlab chiqarilmoqda.

«Isuzu Motors» kompaniyasi 2007 yildan buyon Samarqand avtomobil zavodining texnologik hamkori hisoblanib, zavodda ishlab chiqarilayotgan avtobuslar, o‘rta og‘irlikdagi yuk avtomobillari va boshqa tijoriy texnikalarga shassi va dvigatellar yetkazib beradi.

2007 yildan buyon «Isuzu Motors» agregatlari bazasida 21,7 ming avtomobillar ishlab chiqarilgan (10,2 ming avtobuslar va 11.5 ming yuk avtomobillari), shu qatorda 2014 yilda - 3,8 ming avtomobillar (1,2 ming avtobuslar va 2,6 ming yuk avtomobillar)

Ma'lumot uchun:

 «Isuzu Motors» kompaniyasi 1937 yil tashkil topgan bo‘lib, tijoriy avtomobil texnikalari va dizel dvigatellari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi ulkan kompaniyalardan biri hisoblanadi. Shtab kvartirasi Tokioda joylashgan, ishchilar soni 29,4 ming kishini tashkil etadi. Kompaniya 56 ta korxonalariga ega bo‘lib ulardan 4 tasi Yaponiyada, 52 tasi  esa dunyoning 25 ta davlatida joylashgan (AQSH, Xitoy, Xindiston, Tailand, Indoneyziya, Germaniya, O‘zbekiston, Vyetnam va boshq.)

 “O‘zavtosanoat” AK 1994 yil 17 martda  tashkil topgan. Hozirgi vaqtda kompaniya 200 dan ortiq korxonalarni birlashtiradi.Aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarining asosiy faoliyati yengil avtomobillar, avtobuslar, yuk avtomobillari va butlovchi qismlar ishlab chiqaradi. Tarmoq korxonalaridagi ishchilar soni 26 ming kishini tashkil etadi.

 «O‘zavtosanoat» AK

 Axborot xizmati tel: 267-74-84  el. pochta: avtoolam@mail.ru

Boshqa Press Relizlar

tepaga