“Avtotexxizmat” dilerlik markazi yosh mutaxassisla...
Joriy yilning 18–19-iyul kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining “Avtomobil texnologiyasi” kasbi bo‘yicha respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlovni yuqori saviyada tashkil etish hamda yoshlarning o‘z kasbiy ko‘nikmalarini amaliy sharoitda namoyon etishi uchun zarur imkoniyatlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘i ijrosi doirasida tanlov “O‘zavtosanoat” AJ tizimidagi “Avtotexxizmat” MCHJ dilerlik markazida o‘tkazildi.
Zamonaviy texnik jihozlarga ega markazda ishtirokchilar uchun maxsus ish joylari tayyorlanib, Chevrolet Cobalt avtomobillarida amaliy topshiriqlarni bajarish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Tanlovning respublika bosqichida hududiy saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 70 nafar yosh uchta modul bo‘yicha o‘zaro bellashib, kasbiy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda belgilangan vazifalarni tegishli talablar asosida bajarish mahoratini namoyon etdi. Ularning texnik yechimlarni to‘g‘ri qo‘llashi, bajarilgan ishlarning sifati va xavfsizlik talablariga rioya etishi soha mutaxassislari tomonidan baholandi.
Tanlov jarayonlari Kasbiy ta’lim agentligi, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, “O‘zavtosanoat” AJ, “UzAuto Motors” AJ hamda “Avtotexxizmat” MCHJ hamkorligida tashkil etildi.
“O‘zavtosanoat” AJ kelgusida ham kasbiy ta’limni rivojlantirish, avtomobilsozlik sohasi uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashiga ko‘maklashishga qaratilgan tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlaydi.