Bank-moliya akademiyasi tinglovchilari Mahalliylas...
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Investitsion loyihalarni boshqarishda mahalliylashtirish va milliy iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymatni rivojlantirish” mavzusidagi qisqa muddatli malaka oshirish kursi tinglovchilari “O‘zavtosanoat” AJ huzuridagi Mahalliylashtirishga ko‘maklashish markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ishtirokchilarga mamlakatimiz sanoatida mahalliylashtirish jarayonlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, import qilinayotgan butlovchi qismlar va xomashyolarni mahalliylashtirish, mahalliy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda yangi ishlab chiqarish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Tinglovchilar mahsulot yaratish zanjiri, ishlab chiqarish bosqichlari va korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarining amaliy mexanizmlari bilan yaqindan tanishib, mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish jarayonlari bo‘yicha mutaxassislarning fikr-mulohazalarini tingladilar.
Tashrif yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, mahalliylashtirish loyihalarini shakllantirish, ishlab chiqarish tannarxini optimallashtirish, importga qaramlikni kamaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan savollarga javob berildi.