Andijon viloyatining “Mashinasozlik va elektrotexnika maxsus sanoat xabi” maxsus sanoat zonasida MDH hududida yagona o’ziga xos bo'lgan zamonaviy “Kova Foundry” quyuv zavodining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
“O‘zavtosanoat” AJ rekord darajadagi muddat yaʼni 10 oy ichida qurilib, foydalanishga topshirilgan mazkur quyuv zavodining umumiy maydoni 9,1 gektar bo‘lib, shundan, ishlab chiqarish hududi 27,1 ming m² ni tashkil etadi. Qurilish uchun ajratilgan tekis yer uchastkasi o‘rnida qisqa fursat ichida 18 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega hamda bir vaqtning o‘zida 12 tonna metalni eritishda yuqori samara beruvchi agregatlar bilan taʼminlangan zamonaviy zavod qad rostladi.
Zamonaviy asbob-uskunalar, malakali mutaxassislar hamda metalni to‘liq siklda qayta ishlash. Ayni tamoyillar xomashyoni qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotga aylantirish hajmini 8-10 barobarga oshirish imkoniyatini beradi. Masalan, tonnasi 370 dollar bo‘lgan xomashyo quyuv hamda qayta ishlash jarayonida 3700 dollargacha bo‘lgan mahsulotga aylanadi.
Korxonada yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarning yangi turlarini o‘zlashtirish maqsadida, metalni qayta ishlashda muhim bo‘lgan barcha bosqichlar jumladan, eritish, quyish, qoliplash va yuqori aniqlikdagi mexanik ishlov berish jarayonida zaruriy bo‘lgan ilg‘or, so‘nggi rusumdagi texnika hamda texnologiyalar jalb etildi. Buning uchun zavodda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Turkiya, Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlardan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan to‘rtta tsex tashkil etildi.
Metalni eritish tsexi
Metal eritish tsexi soatiga 12 tonna suyuq metal eritish imkoniyatiga ega 4ta induksion pechni o’z ichiga olgan 2 ta eritish tizimi bilan jihozlangan. Ushbu tsexda qo‘llaniladigan yuqori samarali POWER SHARING metal eritish tizimi, energiya sarfini kam sarflovchi eritish pechlari hisobiga (488 kVt*soat/t) 20%gacha tejash imkonini beradi.
Qumdan qolip ishlab chiqarish tsexi
Ishlab chiqarish jarayoni 1,2 mln donagacha qolip ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mayda va 2 tonnagacha og’irlikdagi yirik hajmli detallar quyish uchu mo’ljallangan Qumdan qolip ishlab chiqarish tsexini o’z ichiga oladi. Tsex qumni termik usulda qayta tiklash uskunasi bilan jihozlangan bo’lib, u nafaqat harajatlarni balki, yiliga 3000 tonnagacha quyma qumni qayta ishlash orqali atrof-muhitga ta’sirini kamayatiradi. O'rnatilgan avtomatik qoliplash liniyasi bugungi kunda mazkur yo‘nalish MDHda eng tezkor ishlovchi liniya sanaladi.
Birlamchi qayta ishlash va bo‘yash tsexi
Tsexning zamonaviy uskunalar bilan jihozlangani avtomobilsozlik sanoati uchun 15 ming tonna, qishloq xo‘jaligi sanoati uchun 5 600 tonna quymani qayta ishlash imkoniyatini beradi. Ikkita bo’yash liniyasi yiliga 2,2 mln dona detal bo’yashni amalga oshiradi.
Mexanik ishlov berish tsexi
Mexanik ishlov berish tsexi 98% avtomatlashtirilgan bo'lib 4 dona robotlashtirlgan yacheyka hamda Germaniya, Koreya va Tayvanda ishlab chiqarilgan 15 ta ishlov berish markazlari bilan ta’minlangan. Tsex avtomobillar uchun 2,0 mln dona detal hamda 4 ming dona traktor transmissiyalari jamlanmasini ishlov berish quvvatiga ega.
Ekologik ahamiyati
Korxonaning ahamiyatli jihatlaridan biri shuki, ishlab chiqarish jarayonida ekologiya muhofazasiga e’tibor qaratilgan. Xususan, bu yerda mavjud filtrlash tizimi atmosferaga chiqishi mumkin bo’lgan chiqindilar miqdorini ( 5mg/m 3) O’zbekistonda belgilangan me’yordan to’rt barobarga kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, qoliplarni ishlab chiqarish jarayonida qoliplarni hosil qilishda qo'llaniladigan qumni tozalash va qayta ishlash, aralashmalarni yoqish, qolaversa ulardan keyingi ishlab chiqarishda foydalanish usullari ham qo'llaniladi.
Bundan tashqari, “Kova” zavodida mahsulot ishlab chiqarishda avtomobilsozlik va qishloq xo’jaligi sohalariga ixtisoslashgan korxonalardan chiqayotgan po'lat chiqindilardan ham foydalaniladi hamda kelajakda o’rnatilishi rejalashtirilgan 1,6 MVt quvvatga ega 20 ming m2lik quyosh panellari zavod ehtiyojlarini birinchi bisqichda 30 foizgacha, keingi bosqichlarda esa 100 foizgacha qoplaydi. Ushbu texnologiyalar ekologiya hamda atrof-muhit muhofazasi uchun salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etishda samarali yordam beradi.
Boshqa sohalar bilan hamkorlik
O'zbekiston sanoat tarmoqlari yiliga 102 ming tonnadan ortiq quyma qismlarga ehtiyoj sezmoqda. Yangi zavod orqali iqtisodiyotning muhim yo’nalishlari ya’ni qurilish, neft va gaz qazib olish, suv ta’minoti, transport sanoati va boshqa sohalar uchun zaruriy bo’lgan quyma temir mahsulotlari importini qisqartirish imkoniyati ortadi.
Ta’kidlash joiz, mazkur korxonada tashkil etilgan o’ziga hos ishlab chiqarish jarayoni nafaqat O’zbekiston balki, MDH davlatlarida mavjud sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga xizmat qiladi. “Kova Foundry” ehtiyot qismlarni mahalliylashtirishni yo’lga qo’ygan MDH hududidagi eng birinchi zavod hisoblanib, korxona ayni paytda qo’shni xorijiy davlatlardan ham mahsulotlar uchun buyurtmalar qabul qilishni boshlab yuborgan.
Mutaxassislar va ilm-fan
Bunday mukammal va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatini yaratish barobarida uni loyihalash, qurish va nosozliklarni bartaraf etish maqsadida Buyuk Britaniya, Turkiya, AQSH va boshqa davlatlardan malakali mutaxassislar jalb etildi. Bundan tashqari, 83 nafar mutaxassis Turkiya va Xitoyda zamonaviy uskunalardan foydalanish bo’yicha o’z tajribalarini oshirib qaytdilar. Keyinchalik 100 nafardan ziyod mutaxassislarni Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda bilim va ko’nikmalarini oshirishlari ko’zda tutilgan. Qolaversa, Malaka oshirish dasturi, Turin politexnika universiteti negizida UzAuto sanoatida joriy etilgan dual ta’lim tizimi bo‘yicha o‘quv dasturida ishtirok etishni ham o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, korxona negizida metallarning kimyoviy tarkibi va fizik xossalarini o’rganish kabi 26 turdagi sinovlarni o’tkazishga mo’ljallangan ilg’or uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya tashkil etilgan.
Yangi korxonaning asosiy vazifalaridan yana biri tashqi bozorda xaridorgir, import o’rnini bosuvchi yuqori qo’shilgan qiymatli avtomobilsozlik va qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishdir. Mahalliy xomashyoga asoslangan yuqori texnologiyali mahsulotlarning mahalliylik darajasini yanada takomillashtirish esa ustuvor vazifalardan sanaladi.
“Bozor talablari shundan iboratki, ishlab chiqarish - minimal darajadagi xarajat narxi bilan samarali tarzda bo’lishi kerak. Aynan shuning uchun biz zavodni eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlaganmiz. Bu yerda chizmalarni tayyorlash, naqshli uskunalarni yo’lga qo’yishdan tortib, mahsulotlarni ommaviy ishlab chiqarishni tashkil etishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik tsikl bosqichma-bosqich tashkil etiladi. – dedi “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov.
Avvallari quyuv yo‘li bilan ishlab chiqariladigan butlovchi qismlar uchun buyurtmalarni asosan chet davlatlariga berar edik. Ushbu masala yuzasidan ekspertlar bilan muhokama qilish natijasida ayon bo'ldiki, Oʻzbekistonning oʻz quyuv korxonalariga ega boʻlishi uchun ham ilmiy ham texnologik jihatdan salohiyati yetarli. Quyuv zavodining ishga tushirilishi natijasida qaysi soha boʻlmasin nafaqat xorijiy buyurtmalarni qabul qilishi, balki mamlaktlararo hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan holda eksportni yoʻlga qoyishi mumkin.