“O‘zavtosanoat” AJ tizimida komplayens xizmatining...
“O‘zavtosanoat” AJ va uning tarkibiy korxonalarida faoliyat yuritayotgan Xaridlar, Savdo hamda Komplayens bo‘limlari xodimlari uchun maxsus o‘quv-trening dasturi o‘tkazildi. Ushbu tadbir korporativ boshqaruvni yanada rivojlantirish, ishbilarmonlik etikasini mustahkamlash va shaffof biznes muhitini shakllantirishga qaratilgan tizimli dastur doirasida tashkil etildi.
Mazkur trening jarayonida zamonaviy biznes faoliyatida dolzarb bo‘lgan masalalar — sanksiyalar va eksport nazorati, biznes hamkorlarini kompleks tekshirish, davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek komplayens tizimining korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni hamda qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlar atroflicha muhokama qilindi.
Trening mashg‘ulotlari “O‘zavtosanoat” AJ Komplayens departamenti menejerlari tomonidan tizim korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borildi. Interfaol va ochiq muloqot tarzida kechgan tadbir xodimlarga nafaqat nazariy bilimlarni chuqurlashtirish, balki amaliy holatlarni muhokama qilish, tajriba almashish hamda real ish jarayonlariga yechimlar ishlab chiqish imkonini berdi.
Bunday tashabbuslarning muntazam yo‘lga qo‘yilishi xodimlar malakasini oshirish, komplayens madaniyatini shakllantirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda kompaniyaga nisbatan hamkorlar, mijozlar va davlat tuzilmalarining ishonchini mustahkamlashda muhim vosita hisoblanadi.
Kelgusida mazkur yo‘nalishdagi treninglarni xorijiy ekspert va xalqaro mutaxassislarni jalb etgan holda o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu esa “O‘zavtosanoat” AJ va uning korxonalarining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, shuningdek barqaror rivojlanish va biznes shaffofligini ta’minlashga sezilarli hissa qo‘shishi kutilmoqda.