“O‘zavtosanoat” AJda tijorat banklari va dilerlik...
“O‘zavtosanoat” AJ binosida “UzAuto Motors” AJ mas’ul xodimlari, yirik tijorat banklari hamda respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan diler vakillari ishtirokida avtomobillar savdosini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni “O‘zavtosanoat” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari D.R. Muxamedov ochib, avtomobillar savdosi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yil iyun oyidan boshlab Markaziy bank ko‘magida tijorat banklari bilan hamkorlikda “Cashback” va “Muddatli to‘lov” aksiyalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2026-yil 1-may holatiga ko‘ra hamkor banklar soni 20 taga yetdi. Mazkur aksiyalar orqali amalga oshirilayotgan savdolar jami realizatsiyaning 88 foizini tashkil etmoqda.
Mazkur seminar-trening diler xodimlari uchun tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan kredit va aksiya shartlari bo‘yicha to‘liq ma’lumot berish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida tijorat banklari tomonidan avtokredit mahsulotlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilib, avtomobillar savdosida uchrayotgan muammo va to‘siqlar muhokama qilindi.
Xususan, diler xodimlari kredit to‘lovlari bo‘yicha jarimalarni qayta ko‘rib chiqish, sug‘urta xarajatlarini optimallashtirish, bank xizmatlarini dam olish kunlari ham yo‘lga qo‘yish, kredit arizalarini avtomatlashtirish hamda kichik miqdordagi muddati o‘tgan qarzdorlik sababli skoring rad javoblarini kamaytirish bo‘yicha takliflarni bildirishdi.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan undirilayotgan ayrim komissiyalarni bekor qilish hamda avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xarajatlarini avtokredit summasiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.