O‘zbekistonlik poygachi Ismoil Ahmedxo‘jayev afson...
O‘zbekistonlik avtopoygachi Ismoil Ahmedxo‘jayev Belgiyadagi afsonaviy Spa-Francorchamps trassasida bo‘lib o‘tgan Ultimate Cup Series xalqaro poyga seriyasining to‘rtinchi bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Ismoil Ahmedxo‘jayevning xalqaro maydondagi ishtiroki milliy avtosportni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda O‘zbekistonni xalqaro musobaqalarda munosib namoyon etish doirasida “O‘zavtosanoat” AJ ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Ultimate GT Sprint Cup toifasida Ismoil Ahmedxo‘jayev Roman Rusinov bilan birgalikda Rossa LM GT avtomobilida ishtirok etdi. Saralash yakunlariga ko‘ra, Rossa Racing jamoasi ikkita poul-pozitsiyani qo‘lga kiritdi.
Poyga uikendi yakunlariga ko‘ra, Rossa Racing jamoasi Spa-Francorchamps — Yevropaning eng mashhur va texnik jihatdan murakkab poyga trassalaridan birida ikkita poul-pozitsiya va ikkita podiumni qo‘lga kiritdi.
«Spa — juda texnik trassa bo‘lib, bu yerda har bir aylana to‘liq diqqatni talab qiladi, ayniqsa ob-havo doimiy ravishda o‘zgarib turganda. Shu bois aynan shu yerda, jahon avtosportining eng mashhur trassalaridan birida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olish va O‘zbekistonni bunday darajada namoyon etish alohida quvonch bag‘ishlaydi. Barcha jamoaga mehnati uchun, Romanga esa ushbu uikend uchun minnatdorlik bildiraman», — dedi Ismoil Ahmedxo‘jayev.
Avvalroq Rusinov va Ahmedxo‘jayev ekipaji seriyaning Italiyadagi Mugello trassasida o‘tkazilgan Yevropa bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan edi.
Ma’lumot uchun: Ultimate Cup Series — bosqichlari Yevropaning yetakchi avtodromlarida o‘tkaziladigan xalqaro poyga seriyasidir. U GT toifasidagi avtomobillar, prototiplar va formulali bolidlar musobaqalarini o‘z ichiga olgan bir nechta toifalarni birlashtiradi. Ultimate GT Sprint Cup qisqa sprint poygalari formatida o‘tkazilib, unda tezlik, barqarorlik va avtomobilni aniq boshqarish alohida ahamiyat kasb etadi.