O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘nggi avlod “Volkswagen Caddy” rusumidagi zamonaviy tez tibbiy yordam avtomobillarining navbatdagi partiyasi yetkazib berildi.
Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari ishtirokida yangi “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomobillarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Sog'liqni saqlash vazirligi vakillari ushbu transport vositalari bemorlarga yordam ko'rsatishda ishonchli vosita sifatida allaqachon o'zini namoyon qilganini shuningdek, mazkur avtomobillarning harakatlanish qobiliyati yuqoriligi va ishonchliligi bemorlarga imkon qadar qulaylik yaratishi bilan birga shifokorlarning og’ir ish jarayonida ajralmas xamrohiga aylanishini ta'kidladilar.
– Aholi uchun muhim hisoblangan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimidagi loyihada ishtirok etish korxonamiz uchun katta voqelikdir. “Jizzakh Auto” mutaxassislari tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida, o’ylaymizki, bemorlar hamda tibbiyot xodimlari ish jarayonida munosib xizmat qiladigan hamda qadrlanadigan qulay va sifatli tibbiy tez yordam avtomibillari paydo bo’ldi,-deydi “Jizzakh Auto” direktori Oybek Ayubov.
Yangi avtomobillar “Jizzah Auto” zavodida tibbiy tez yordam avtomobillariga qo‘yiladigan barcha so‘nggi talablar asosida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. “Volkswagen” konsernining avtomobillarga qo’yilgan yuqori standartlari asosida Yevropa sifatiga mos keluvchi yuqori manyovr va yaxshi texnik ko'rsatkichlarga ega bo'lgan qulay avtomobillarni ishlab chiqish va yaratish imkonini berdi. Shu bois aholiga samarali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun aynan “Volkswagen Caddy” rusumidagi tez tibbiy yordam mashinalari tanlab olindi.
Beshinchi avlod “Volkswagen Caddy” avtomobili mutlaqo yangi MQB platformasi asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan birgalikda 110 ot kuchiga ega 1,6 MPI atmosfera yoqilg’ili dvigatel bilan jihozlangan. Avtomobil 100 kilometr masofaga aralash siklda 7 litr yoqilg'i sarflaydi.
Avtomobil tibbiy salonida shovqin va tebranish izolyatsiyasi, bemorni namlantiruvchi kislorod bilan ta'minlash tizimi, dastakli infuzion tizim, bemorni tashish uchun ko'p funktsiyali nosilkalar hamda konditsioner tizimining mavjudligi, nafaqat bemor va tibbiyot xodimlari uchun qulaylik yaratadi, balki, harakatlanish paytida avtomobil ichida tezkor tibbiy yordam ko’rsatish imkoniyatini beradi.
Bugungi kunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi parkidagi ham ma’nan ham jismonan eskirgan tez tibbiy yordam avtomobillarning bir qismini almashtirish uchun “Jizzax avto” aksiyadorlik jamiyati tomonidan hududlarga “Volkswagen Caddy” rusumidagi tez tibbiy yordam avtomashinalarini yetkazib berish davom etmoqda.