“O‘zavtosanoat” AJ ishonchli boshqaruvidagi “AgroTech Klaster” qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarishda yangi marralarni ko‘zlagan holda xalqaro hamkorlikka katta e'tibor qaratmoqda. Klaster "Lovol" brendi ostida 35-50 ot kuchiga ega bog‘dorchilik traktorlari va 90-100 ot kuchiga ega universal chopiq traktorlarini ishlab chiqarishni boshladi.
“Shandong Heavy Industry Group” kompaniyasi va "O‘zavtosanoat" AJ o‘rtasida hamkorlik kelishuvi O‘zbekiston Repsublikasi Prezidentining joriy yilning 23-25-yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi chog‘ida imzolangan.
"Lovol" kompaniyasining bog‘dorchilik traktorlari – bog‘ qator oralariga va tuproqqa ishlov berish, begona o‘tlarni yo‘qotish, kesilgan daraxt shox shabbalarini maydalash va dalani tozalash, daraxtlarga kimyoviy ishlov berish hamda hosilni daladan olib chiqish kabi vazifalarini bajaradi. Bu esa fermer va bog‘bonlar uchun chinakam va ajralmas yordamchi bo‘la oladi.
Yaqin vaqtlarda "AgroTech Klaster" quvvatlarida Lovol 1004 (100 o.k.) universal chopiq traktorlarining butlovchi qismlari va ishlab chiqarish uchun texnologik qoliplar keltirilib, klasterda payvandlash, bo‘yash va yig‘ish liniyalarini mazkur traktorga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur universal chopiq traktorlar – daladarda shudgorlash, chizellash, diskalash kabi tuproqqa ishlov berish, yer tekislash, ekish, kultivatsiya (paxta ekini mustasno), kimyoviy ishlov berish, xosil yig‘ish va ularni to‘plash kabi 30 dan ortiq agrotexnik tadbirlarni bajarishga xizmat qiladi.
Yillik ishlab chiqarish quvvati 2 000 dona bo‘lgan mazkur loyihaning birinchi bosqichida 100 ot kuchidagi traktorlar kabinasini payvandlash, bo‘yash, yig‘ish va traktor shassisiga o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ta'kidlash joiz, "O‘zavtosanoat" AJ tarkibiy tarmoq korxonasi hisoblangan "KOVA Foundry" cho‘yan detallarini ishlab chiqarish zavodi bilan hamkorlikda traktor transmissiya qismlarini mahalliylashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Joriy yil yakuniga qadar klaster quvvatlarida bog‘dorchilik va universal chopiq traktorlarini payvandlash, bo‘yoqlash va yig‘ish ishlarining o‘zlashtirilishi natijasida mahalliylashtirish darajasini 25 %ga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu kunga qadar "AgroTech Klaster" quvvatlarida Claas, John Deere (Germaniya), Kuhn (Fransiya), Dong Feng (Xitoy) kabi gigant kompaniyalar qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hamkorlik qamrovi Xitoyning Lovol kompaniyasi bilan ham bog‘lanishi kompaniyaning yuqori samaradorlik va innovatsiyaga intilishi yuqoriligining isbotidir.
"Shandong Heavy Industry Group" bilan istiqbolli hamkorlik zamirida "Lovol" brendi ostida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish "AgroTech Klaster" uchun yangi marralarni zabt etish qolaversa, kompaniyaning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash hamda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini rivojlantirishga katta imkoniyat eshiklarini ochadi.