"Uzauto Motors" AJ kredit reytingi "Fitch Ratings"...
2022 yilning XX dekabr kuni "Fitch Rating" xalqaro reyting agentligi "Uzauto Motors" aktsionerlik jamiyatining kredit reytingi bo'yicha navbatdagi xisobotini chop etdi. Hisobotga ko'ra, "Uzauto Motors" AJning kredit reytingi B+ (barqaror kutilma)dan BB- (barqaror kutilma)ga ko'tarildi va O'zbekiston Respublikasi suveren reytingiga tenglashtirildi. "Fitch Rating" xalqaro reyting agentligi "Uzauto Motors" AJning so'ngi yillardagi O'zbekiston iqtisodiyotiga qo'shayotgan ulkan hissasi, moliyaviy va operasion natijalari, xalqaro kapital bozorlariga kirishdagi harakatlari va boshqa bir qator yo'nalishlarni chuqur o'rganib, tahlil qildi. Hisobotda ma'lum qilinishicha, "Uzauto Motors" AJ London fond birjasida evroobligasiyalarini joylashtirgan kam sonli korxonalardan biri sanaladi. Bundan tashqari, kompaniya daromad hajmi bo'yicha "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ (BB-/barqaror) va "O'zbekneftegaz" AJ (BB-/barqaror) kabi yirik korxonalar darajasida turadi. Agentlikning qayd etishicha, so'nggi ikki yil ichida avtomobillarni respublikaga olib kirish uchun import bojlari pasayib, tartibga solish engillashgan bo'lsa-da, "Uzauto Motors" AJ avtomobillariga talab kuchli va kompaniya mahalliy bozorda eng arzon avtomobillarni etkazib bergan holda etakchi ishlab chiqaruvchi bo'lib qolmoqda. Kompaniyaning biznes profili GM (BBB-/ijobiy), Ford Motor Company (BB+/ijobiy) va Renault SA (BB/barqaror) kabi yirik xalqaro avtomobil ishlab chiqaruvchilarga nisbatan kuchsizroq bo'lishi bilan birgalikda, bir qator moliyaviy ko'rsatkichlar bo'yicha mazkur kompaniyalar bilan taqqoslama darajada ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, kompaniyaning yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarish orqali mahsulot sotuvidan sof tushumini keyingi yillarda 4 mlrd. AQSh dollarigacha va avtomobil ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 ming donagacha etkazish rejalari hisobotda asosiy parametrlar sifatida aks etgan.