Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi doirasida Qirg‘izistonning Oq-Suu shahrida joylashgan yengil avtomobillar va tijorat texnikasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “TULPAR MOTORS” MChJ zavodini tantanali ravishda ishga tushirdilar.
Ikki mamlakat yetakchilari o‘z nutqlarida mazkur loyihaning tashqi savdo, sanoat, transport logistika, o‘zaro investitsiyalar va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishda ahamiyati yuqori ekanini alohida ta'kidladilar.
Loyihaning amalga oshirilishi 2023-yil yanvar oyida Qirg‘iziston Respublikasida yengil va tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi bilan bog‘liq. O‘tgan yilning may oyida kelajakdagi zavod o‘rnida Chuy viloyatida zavod qurilishining boshlanishini ifodalovchi kapsula qo‘yilgan edi.
“TULPAR MOTORS” zavodi 4,7 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, shundan 2,8 gektari SKD (katta bo‘lakli yig‘ish) ishlab chiqarish sexlariga ajratilgan. Bugungi kunda zavodda Chevrolet Cobalt, Damas, Labo, Onix, Tracker avtomobillari, shuningdek, “SamAuto” QK MChJ tijorat texnikasi ishlab chiqarilmoqda. O‘zbek ishlab chiqaruvchisi bilan hamkorlikda ish boshlagan zavodda ISUZU shassisi asosidagi yuk avtomobillari, ISUZU D-MAX pikaplari, SAZ LE60 past polli shahar avtobuslari va SAZ HD50 shaharlararo avtobuslari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi korxona mutaxassislari ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish uchun Asakadagi “UzAuto Motors” zavodi va Samarqand viloyatidagi “SamAuto” zavodida bilim va malakalarini oshirib va qayta tayyorgarlikdan o‘tganlar.
Mazkur zavod quvvatlarida birinchi bosqichda yiliga 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Kelgusida bu ko‘rsatkichni yiliga 30 ming donaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Qirg‘iziston va SamAuto o‘rtasidagi hamkorlik 7 yil davomida barqaror rivojlanmoqda. 2023-yilda yetkazib berish hajmi taxminan 350 dona tijorat texnikasini tashkil etgan bo‘lsa, yangi zavodda joriy yilda 140 dona texnika ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarishni tashkil etish O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir. Ishonchli hamkorlar bilan mamlakatda avtomobilsozlik sanoatini tashkil etish ikki mamlakat o‘rtasidagi kooperatsiyani yangi bosqichga olib chiqish, nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki sanoat miqyosida texnik va texnologik salohiyatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.