Prezident dunyo avtomobil' bozorida yetakchi bo‘lg...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida yangi energiya manbalarda xakrakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va ularning natijalari haqida hisobot bilan tanishdi. AO “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov mazkur yirik investision loyihani kengaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, oldinda turgan vazifalar va kelgusi rejalar to‘g‘risida axborot berdi.
“BYD Uzbekistan Factory” zavodi joriy yilning 27 iyun' sanasida O‘zbekiston Prezidenti ishtirokida ishga tushirilgan bo‘lib, keng miqyosda ishlab chiqarishga start berildi. Bugungi kunda BYD yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar – elektromobillar va gibridlarni ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha dunyoda yetakchi kompaniya hisoblanadi. Buning sababi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifati va innovasion yechimlari bilan bog‘liq. Shuningdek, BYD eng yaxshi texnologik baza va sifat nazorati tizimlariga ega.
Ushbu zavod BYDning Xitoydan tashqaridagi ilk ishlab chiqarish zavodi bo‘ldi. O‘zbekistonga bunday yirik kompaniyaning kirib kelishini mamlakatdagi jozibador investision muhit va siyosat, shuningdek, avtomobilsozlik sohasida mavjud muhandis kadrlar, ishlab chiqarish bazasi, xomashyo va logistika potensiali borligi bilan izohlash mumkin.
Taqdimot davomida zavod quvvatlarida ishlab chiqarish hajmini belgilangan ko‘rsatkichlarga yetkazish hamda mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha oldinda turgan usutvor vazifalar belgilab olindi.
Taqdimotda ta'kidlangaidek, to‘liq ishlab chiqarish jaryonini ishga tushirish doiraisda O‘zbekiston korxonalari tomonidan plastik qismlar, oynalar, bamperlar, disklar va boshqa ko‘plab komponentlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha BYD sifat tizimiga mos kelishi uchun tahlil o‘tkazildi.
Aholining yengil avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini maksimal qondirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan V, S va byudjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ularning birinchi namunalari xitoylik hamkorlar tomonidan zamonaviy standartlashtirish tizimi sinovlarini o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirildi. Shuningdek, zamonaviy texnologiya va standartlarni nafaqat ishlab chiqarish, balki savdo, servis va kafolat yo‘nalishlarida ham tadbiq etish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu sifatsiz mahsulot chiqarilishining oldini oladi va ishlab chiqarilayotgan avtotransportga yuqori sifatli servis va kafolatli xizmat ko‘rsatilishini ta'minlaydi.
BYD bilan hamkorlikdagi loyiha mahalliy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ham o‘z ichiga oladi. Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasiga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida Jizzax Politexnika Instituti va Toshkentdagi Turin Politexnika Universiteti bilan birgalikda yuqori malakali mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha muhandislik o‘quv markazini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi quvvatlarida ishlab chiqarishni tezlashtirish, hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, kelgusida ishlab chiqarish quvvatini yillik 500 ming donaga yetkazish va eksport bozorlariga chiqish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi. Yaratilgan shart-sharoitlar va mustahkam kadrlar rezervi tufayli prezident dunyo avtomobil' bozorida yetakchi bo‘lgan BYD kompaniyasining munosib hamkori bo‘lish zarurligini ta'kidladi.