Andijon viloyatida "O'zavtosanoat"AJ tarkibiga kiruvchi "KOVA Foundry" ("Auto Spring Components" MChJ) zavodida "Zamonaviy quyuv tsexi" loyihasining 2-bosqichi muvaffaqiyatli ishga tushirildi.
Loyiha doirasida zavodda eng zamonaviy xalqaro standartlar talablariga javob beradigan va yiliga qariyb 30 million dollarlik import mahsulot o‘rnini bosadigan cho‘yan qismlar ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalardan foydalanildi.
Jumladan, Germaniyaning Heinrich Wagner Sinto Maschinenfabrik GmbH korxonasi tomonidan qumga shakl berish liniyasi yetkazib berilgan bo‘lib, ushbu liniyada yiliga 15 ming tonnadan ziyod cho‘yan qismlar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Shuningdek Ispaniyaning Loramendi S.Coop korxonasidan sterjen ishlab chiqarish liniyasi, Italiyaning Progelta korxonasidan metal quyish tizimi hamda Daniyaning DISA korxonasidan soatiga 100 tonna qum tayyorlash va qumni qayta ishlash liniyalari olib keltirilib, muvaffaqiyatli ishga tushirildi.
Yangi ishlab chiqarish tsexida kelgusida avtomobilsozlik, qishloq xo‘jalik mashinasozligi va boshqa turdosh sohalar uchun cho‘yan qismlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.