"O‘zavtosanoat" AJ: Sanoat taraqqiyotida iqtidorli...
Yangi O‘zbekistonning azm-u shijoatli, tashabbuskor va iqtidorli yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar asosida ish tajribalarini oshirishlarini ta'minlash maqsadida “O‘zavtosanoat” AJ hamda Yangi O‘zbekiston Universiteti o‘rtasida iqtidorli va yosh kadrlarni mashinasozlik sohasiga jalb etish bo‘yicha hamkorlik uchrashuvi tashkil etildi.
Muloqot davomida kelgusi faoliyatini sanoat va muhandislik yo‘nalishlari bilan bog‘lamoqchi bo‘lgan talabalarga startap va innovatsion loyihalarini rivojlantirishlari uchun dasturlar ishlab chiqish, texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishtirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishlarida qo'llab-quvvatlash maqsadida tizimli ravishda "O‘zavtosanoat" AJ vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etish, tarkibiy tarmoq korxonalarga sayohatlar tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Kelishuvga ko‘ra, avtomobilsozlik sohasi aynan ilm-fan, injiniring va ishlab chiqarish integratsiyasiga asoslangani bois intiluvchan, iqtidorli talabalar "O‘zavtosanoat" AJning tarkibiga kiruvchi "BYD Uzbekistan Factory" MChJ QK, "UzAuto Motors" AJning Asaka va Xorazm filiallari, "UzAuto Motors Powertrain" kabi yirik korxonalardagi zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarida faol ishtirok etib, malakali mutaxassislar yordamida o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Maqsad, yosh kadrlarning sohani mukammal o‘rganishi uchun so‘nggi va zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rganish imkoniyatini taqdim etishdir.
Sanoat va ta'lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, yangi g‘oyalar va innovatsion yechimlar ishlab chiqishga yordam beradi, bu esa avtomobilsozlik sanoatining barqaror rivojlanishiga hamda mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.