TOSHKENT SHAHRIDAGI TURIN POLITEXNIKA UNIVERSITETI...
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18-apreldagi qaroriga asosan 2016-2017 o‘quv yilida Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga 350 nafar talaba bakalavriat bosqichiga o‘qishga qabul qilinishi to‘g‘risida avval xabar bergandik. Shundan 200 nafari "Mashinasozlik texnologiyasi" mutaxassisligiga, 100 nafari "Axborot texnologiyalari va sanoatda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari" yo’nalishi bo’yicha, "Energetika" va "Sanoat - fuqarolik qurilishi va arxitektura" mutaxassisliklari bo’yicha esa 25 nafardan talabalar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish uchun belgilangan vaqt mobaynida 1281 nafar abituriyent on-layn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 1033 nafari o‘z hujjatlarini topshirgan. Universitetga kirish uchun test sinovlari Farg‘ona vodiysidagi abituriyentlar uchun 27 iyun kuni Andijon viloyatida, yurtimizning boshqa hududlaridan hujjat topshirgan abituriyentlar uchun esa Toshkent shahrida 11-12 iyul kunlari bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahrida o‘tkazilgan test sinovlarida 48 nafar abituriyent ishtirok etdi. Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida esa test sinovlari ikki bosqichda o‘tkazildi. Test sinovlarining dastlabki kunida 4 ta guruhdagi abituriyentlar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishgan bo‘lsa, ikkinchi kuni 5 ta guruhdagi abituriyentlar o‘z bilimlarini sinab ko‘rishdi. Test sinovlari Italiyalik mutahassislar boshchiligida adolat mezonlari asosida yuqori saviyada o’tkazildi.