Jamiyat tomonidan aksiyalar sotib olinishi to’g’risidagi ma’lumotlar

O‘zavtosanoat” AJning yagona aksiyadori – 100% aksiyalarning egasi
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi.

 “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq aksiyadorlik jamiyat tomonidan o‘z aksiyalarini sotib olish shartlari va tartibi

 

40-modda. Aksiyadorlarning talabiga ko‘ra aksiyalarni olish

Ovoz beruvchi aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlar:

jamiyatni qayta tashkil etish to‘g‘risida;

joylashtirilgan aksiyalarni yiriklashtirish haqida;

ushbu Qonun 84-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq jamiyat tomonidan mol-mulkni olish yoki boshqa shaxsga berish bilan bog‘liq yirik bitim (bundan buyon matnda yirik bitim deb yuritiladi) tuzish to‘g‘risida;

jamiyatning ustaviga ovoz beruvchi aksiyalar egalari bo‘lgan aksiyadorlarning huquqlarini cheklovchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoki yangi tahrirdagi ustavni tasdiqlash to‘g‘risida aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qarorlar qabul qilishda, agar ular qarshi ovoz bergan bo‘lsa yoxud ovoz berishda uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan bo‘lsa, o‘zlariga tegishli aksiyalarning hammasi yoki bir qismi jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilishga haqlidir.

O‘zlariga tegishli aksiyalar jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqiga ega bo‘lgan aksiyadorlarning ro‘yxati ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan jamiyat aksiyadorlari reyestrining ma’lumotlari asosida tuziladi.

Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olish ushbu aksiyalarning bozor qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi, bu qiymat jamiyatning aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan harakati natijasida qiymatning o‘zgarishi hisobga olinmagan holda aniqlanadi.

Jamiyat aksiyalarining 50 va undan ortiq foizi egasiga aylangan shaxs, agar u bungacha mazkur jamiyat aksiyalariga egalik qilmagan yoki aksiyalarining 50 foizidan kamrog‘iga egalik qilgan bo‘lsa, qolgan aksiyalar egalariga aksiyalarni bozor qiymati bo‘yicha o‘ziga sotishlari borasidagi taklifini o‘ttiz kun ichida e’lon qilishi shart. Aksiyadorning o‘ziga tegishli aksiyalarni sotishi to‘g‘risidagi yozma roziligi e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida olingan taqdirda, jamiyatning 50 va undan ortiq foiz aksiyalari egasi mazkur aksiyalarni sotib olishi shart.

41-modda. Aksiyadorlarning o‘zlariga tegishli aksiyalar jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqini amalga oshirish tartibi

Jamiyat aksiyadorlarni o‘zlariga tegishli aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi, qaytarib sotib olish narxi va qaytarib sotib olishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida xabardor etishi shart.

Ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq jamiyat aksiyalarni qaytarib sotib olishini talab qilish huquqi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida aksiyadorlarga yetkaziladigan xabarda ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlar bo‘lishi lozim. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmagan aksiyadorlarda aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi mavjudligi va bunday huquqni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi axborot aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran yetti kundan kechiktirmay aksiyadorlarga yuboriladi.

Aksiyadorning o‘ziga tegishli aksiyalarni qaytarib sotib olish to‘g‘risidagi yozma talabi aksiyadorning yashash joyi (joylashgan eri) va uning qaytarib sotib olinishini talab qilayotgan aksiyalar soni ko‘rsatilgan holda jamiyatga yuboriladi.

Aksiyadorlarning o‘zlariga tegishli aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishi to‘g‘risidagi yozma talablari aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining tegishli qarori qabul qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay jamiyatga taqdim etilishi kerak. Mazkur muddat tugaganidan so‘ng jamiyat qaytarib sotib olish talabini qo‘ygan aksiyadorlardan aksiyalarni o‘n kun ichida qaytarib sotib olishi shart.

Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olish ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarning jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi vujudga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarda ko‘rsatilgan narx bo‘yicha amalga oshiriladi. Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘larning umumiy summasi aksiyadorlarda o‘zlariga qarashli aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan qaror qabul qilingan sanadagi jamiyat sof aktivlari qiymatining o‘n foizidan oshib ketishi mumkin emas, bundan jamiyatning o‘zgartirilishi hollari mustasno. Qaytarib sotib olish talabi qo‘yilgan aksiyalarning umumiy soni ushbu qismda belgilangan cheklov inobatga olingan holda jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishi mumkin bo‘lgan aksiyalar sonidan oshib ketgan taqdirda aksiyalar aksiyadorlardan qo‘yilgan talablarga mutanosib ravishda qaytarib sotib olinadi.

Jamiyat qayta tashkil etilgan taqdirda jamiyat tomonidan qaytarib sotib olingan aksiyalar bekor qilinadi.

Ushbu Qonunning 40-moddasida nazarda tutilgan boshqa hollarda jamiyat tomonidan qaytarib sotib olingan aksiyalar jamiyat tasarrufiga o‘tadi. Mazkur aksiyalar ovoz berish huquqini bermaydi, ovozlarni sanash chog‘ida hisobga olinmaydi, ular bo‘yicha dividendlar yozilmaydi. Bunday aksiyalar qaytarib sotib olingan paytdan e’tiboran bir yildan kechiktirmay realizatsiya qilinishi lozim, aks holda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi mazkur aksiyalarni bekor qilish yo‘li bilan jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.