Dilerlik tizimi orqali ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchi o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar tartibga solinadi, shuningdek, bu munosabatlar qonun ustuvorligi, shaffoflik va javobgarlikka asoslanishi kerak. Bunday tizimning samarali ishlashi, o‘z navbatida, korrupsiyaga qarshi kurashishda ham muhim rol o‘ynaydi, chunki korrupsiyaga qarshi kurash jamiyatning adolatli va shaffof taraqqiyotini taʼminlashga xizmat qiladi.
Bu borada, Namangan shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi “Do‘stlik avtotexxizmat” MCHJ rahbari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, aynan shu korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga aloqador jiddiy muammolardan biri hisoblanadi.
Ushbu ish orqali mansabdor shaxslar tomonidan o‘z xizmat vakolatlarini suisteʼmol qilish, moliyaviy mablag‘larni talon-toroj qilish kabi jinoyatlar natijasida yuzaga kelgan holatlar yana bir bor fosh bo‘ldi. Bu holatlar esa jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish zarurligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
Taʼkidlash joizki, 2022 yil 25 noyabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudida jinoiy ish bo‘yicha chiqarilgan hukm, nafaqat jinoyat va jazo siyosatiga, balki adolat tamoyillariga ham sodiqligini namoyon etdi.
Sud jarayonida o‘rganilgan maʼlumotlarga ko‘ra, “Do‘stlik avtotexxizmat” MCHJ rahbari, o‘zining vakolatlaridan foydalangan holda, moliyaviy qonunbuzarliklarni sodir etgan. 2020 yilda “UzAuto Motors” AJ aksiyasi doirasida avtomobillarni fuqarolarga sotib, to‘lovlarning katta qismini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatgan. Garovdagi avtomobillarni sotish uchun hujjatlarni qalbakilashtirib, ularning qonuniy hujjatlarini taqiqdan chiqargan. Shuningdek, u bankdan olingan 14,6 milliard so‘m kredit mablag‘larini ham maqsadli sarflamasdan, shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlatib yuborgan. Natijada, 16 milliard so‘mdan ortiq moliyaviy zarar keltirilgan.
Sud, jamiyat rahbariga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a” bandiga asosan, unga bazaviy hisoblash miqdorining 105 baravariga teng jarima tayinladi. Shuningdek, zararlarni qoplashni taʼminlash uchun to‘langan mablag‘lar tegishli tashkilotlarga yo‘naltirdi.
Jamoatchilikka ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilgan sud jarayonida ayblanuvchi qilgan harakatlaridan pushaymon bo‘lgani va yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishini taʼkidlab, o‘z aybini tan olgan bo‘lsada, qilmishlari uchun javobgarlikdan qutulishiga sabab bo‘lmadi.
Mazkur ish korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat jazoning muqarrarligini taʼminlash, balki huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan islohotlarni davom ettirish zarurligini ko‘rsatadi. Shu sababli, har bir fuqaro va mansabdor shaxs qonun oldida masʼuliyatli bo‘lishi, shaffoflik va adolat tamoyillariga rioya qilishi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashda jamiyatning barcha qatlamlari birgalikda harakat qilishi zarur.
Bu kabi ishlar adolatning g‘alaba qilishi va kelajakda bu kabi huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.