“Ozavtosanoat” AJda 2025-yilga mo‘ljallangan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari (KPI) ijrosini baholash, erishilgan natijalarni tahlil qilish va kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilash maqsadida iqtisodiy o‘qish o‘tkazildi.
Tadbirda “Ozavtosanoat” AJ rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Muloqot davomida Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘i hamda tasdiqlangan iqtisodiy o‘qishlar grafikiga muvofiq, Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlarining KPI doirasida belgilangan maqsadlarning birinchi yarim yillik ijrosi, shuningdek, III chorak uchun rejalashtirilgan vazifalarning joriy holati atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlarining 2025 yilga mo'ljallangan samaradolikning muhim ko'rsatkichlari (KPI)da belgilab olingan maqsadlarning birinchi yarim yillik ijrosida erishilgan natijalar, aniqlangan kamchiliklar va III chorak uchun belgilangan rejalar yuzasidan batafsil hisobot taqdim etildi. Qolaversa, joriy yil uchun maqsadli iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi yuzasidan taqdimot ham namoyish etildi.
Ushbu iqtisodiy o‘qish “Ozavtosanoat” AJning 2025-yil uchun belgilangan KPI maqsadlarining ahamiyatini yana bir bor ta’kidlashga hamda ularning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashda mas’ul rahbarlarning javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.