“O‘zavtosanoat” AJda kasaba uyushmasining hisobot-...
2025-yil 28-mart kuni “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining navbatdagi hisobot-saylov yig‘ilishida “O‘zmetmashsanoat” kasaba uyushmasi Toshkent hududiy kengashi raisi hamda Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi (KUTBK) mutaxassisi ishtirok etdi.
Yig‘ilishda jamiyat kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2024-yil davomida amalga oshirgan faoliyati, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, jamoa manfaatlariga xizmat qiluvchi tashabbuslar hamda 2025-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirni “O‘zavtosanoat” AJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi V.N.Kim ochib berdi. U 2020–2025-yillarga mo‘ljallangan strategik dastur doirasida qo‘mita tomonidan bajarilgan ishlar yuzasidan atroflicha hisobot taqdim etdi. Xususan, xodimlarning mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash, salomatliklarini muhofaza qilish, ijtimoiy himoya, madaniy hordiq chiqarish, sport tadbirlarini tashkil etish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishida erishilgan natijalar ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri — kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisini saylash masalasi bo‘ldi. Ishtirokchilar tomonidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylov o‘tkazish taklifi bir ovozdan ma’qullandi. Ochiq ovoz berish natijasida yangi qo‘mita raisi saylanib, u jamiyat xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini yanada kuchaytirish yo‘lida faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi.
Shuningdek, yangilangan tarkibda kasaba uyushmasi qo‘mitasining 6 nafar a’zosi ham saylandi. Ular mehnatkashlarning ehtiyoj va talablariga javob beradigan, adolatli va samarali kasaba uyushmasi tizimini shakllantirishda faol ishtirok etishadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida bir qator dolzarb masalalar bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Yig‘ilish doirasida kasaba uyushmasi faoliyatini yanada tizimli, ochiq va zamonaviy asosda tashkil etish borasida aniq chora-tadbirlar belgilandi.
“O‘zavtosanoat” AJdagi kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishi xodimlarning manfaatlarini ifoda etuvchi, ijtimoiy sheriklik tamoyillarini amaliyotga tatbiq etuvchi muhim platformaga aylandi. Yangi rahbariyat va yangilangan qo‘mita tarkibi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar esa jamiyat jamoasi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.