Joriy yilning 19-oktabr kuni John Deere Walldorf International GmbH Vitse-prezidenti Piter Zaks (Peter Sachse) ilk bor "Agrotech Klaster" MCHJga tashrif buyurdi. Munosabatlarni yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha olib borilgan muzokaralar ikki tomonlama hamkorlik rivojiga katta turtki beradi. Boisi, uchrashuv davomida erishilgan kelishuvning asosiy maqsadi Chirchiq qishloq xo'jaligi mashinasozlik klasterida John Deere savdo belgisi ostida qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishga qaratilgan.
Uchrashuvda "John Deere Financial" moliyaviy instituti bilan kelgusi 2024-2026 yillarda mamlakatimizda "John Deere" texnikalari savdosini moliyalashtirish maqsadida 100 million dollargacha bo'lgan miqdorda imtiyozli resurslar ajratilishi bo'yicha memorandum imzolandi. Tomonlar mazkur sarmoyani "Agrotech Klaster"da "John Deere" brendi ostida ishlab chiqariladigan paxta terish mashinalari savdosini amalga oshirish uchun xaridorlarni moliyalashtirishga yo'naltirish bo'yicha fikr almashdilar.
Muloqotda ta'kidlanganidek, John Deere qishloq xo‘jaligi texnikasini "Agrotech Klaster"da ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi, korxonaning mahalliylashtirish darajasini bir necha barobarga oshirish hamda kelgusida mahsulotlarni xorijga eksport qilish imkoniyatini ta’minlaydi. Klasterda ishlab chiqarilgan John Deere texnikalarini Turkmaniston va Tojikiston davlatlariga eksport qilish ham rejadan o'rin olgan.
Shuningdek, mehmon klaster faoliyati hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan ham yaqindan tanishdi.