Avval xabar berilganidek, UzAuto Motors kompaniyasi kadrlar salohiyatini oshirish yo‘lida bir nechta oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Kuni kecha, Toshkent shahridagi Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) hamda Turin Politexnika universitetlarida “Business Week” tashkil etilgan haftalik doirasida “Uzavtosanoat” AJ mas’ul vakillari va “UzAuto Motors” AJ Bosh direktori Bo Inge Andersson o‘z jamoasi bilan ishtirok etdi.
Talabalar bilan uchrashuv davomida Bo Andersson o‘z professional martaba yo‘li, kompaniyadagi boshqaruv uslubi, amalga oshirgan loyihalar, shuningdek xodimlar uchun taqdim etilgan kasbiy rivojlanish imkoniyatlari va boshqa ko‘p ma’lumotlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi. Ma’ruza asosida tayyorlangan taqdimot materialida avtomobilsozlik sanoati to‘g‘risidagi dolzarb fikrlar, ustuvor yo‘nalishlar, tahlillar, uning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati to‘g‘risida tasavvur doirasini kengaytirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv so‘nggida ishtirokchilar UzAuto Motors korxonasi faoliyati to‘g‘risida batafsil tasavvurga ega bo‘lishdi, kompaniya bosh direktori shaxsan Bo Andersson o‘zi faol qatnashgan talabalarni e’tirof etgan holda, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.