“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “UzAuto Motors” AJning uzoq muddatli reytingini “BB-” darajasidan “BB” darajasiga oşirdi hamda reyting böyiça “Barqaror” prognozini tasdiqladi.
Reytingning oşirilişi kompaniyaning mustahkam moliyaviy körsatkiçlari, qarz yuklamasining maqbul darajada saqlanayotgani, likvidlik pozitsiyasining yaxşilangani hamda yevroobligatsiyalarni muvaffaqiyatli qayta moliyalaştiriş böyiça amalga oşirilgan işlar natijasida mustaqil kredit profili (Standalone Credit Profile) mustahkamlangani bilan izohlandi.
Mazkur qaror natijasida “UzAuto Motors” AJning kredit reytingi Özbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bilan bir xil darajaga — “BB” darajasiga yetdi. Bu esa kompaniyaning moliyaviy barqarorligi, investitsion jozibadorligi hamda xalqaro moliya bozorlaridagi işonçliligi yuqori baholanayotganidan dalolat beradi.
“Fitch Ratings” agentligi kompaniya tomonidan yuritilayotgan ehtiyotkor va barqaror moliyaviy siyosat kelgusida ham saqlanib qolişini, şuningdek, “UzAuto Motors” AJ mamlakat avtomobilsozlik sanoatini rivojlantiriş, işlab çiqariş hajmlarini oşiriş, eksport salohiyatini kengaytiriş va iqtisodiy ösişga hissa qöşişda davom etişini ta’kidlagan.
Bugungi kunda “UzAuto Motors” AJ Özbekiston avtomobilsozlik sanoatining yetakçi korxonalaridan biri sifatida faoliyat yuritib, xalqaro moliya institutlari va investorlar tomonidan bildirilayotgan yuqori işonç asosida öz mavqeini izçil mustahkamlab bormoqda.