DUNYO YANGILIKLARI: HONDA KOMPANIYASI AVTOMOBIL I...
“Honda Motor Co.” ishlab chiqarish kompaniyasi 2016 yilning birinchi moliyaviy yarim yilligida va sentyabr oyida ishlab chiqarilgan avtomobillarning soni bo‘yicha hisobot berdi.
Kompaniyaning statistik ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning aprel-sentyabr oylarida “Honda Motor Co.” kompaniyasi konveyerlaridan 2 452 665 dona yangi avtomobil tushdi. Sentyabr oyida esa kompaniya 450 ming donadan kam bo‘lmagan avtomobil ishlab chiqardi. Kompaniya uchun joriy moliyaviy yarim yillik va sentyabr oyi o‘tgan yillardagi ushbu hisobot davriga qaraganda tayyorlangan avtomobillarning miqdori bo‘yicha rekord natijani qayd etdi.
Kompaniyaning Shimoliy Amerika va Osiyodagi korxonalarida ishlab chiqarishning eng ko‘p natijasi qayd etilgan. Sentyabr oyida bu yerda 168 ming va 180 ming dona avtomobil yig‘ilgan. Birinchi moliyaviy yarim yillikda esa 990 ming donadan biroz ko‘proq va 962 ming dona avtomobil tayyorlangan.
Eslatib o‘tamiz. 2015-moliyaviy yilda “Honda Motor Co.” kompaniyasi konveyerlaridan 3 million 971 dona avtomobil chiqarib shaxsiy rekordini o‘rnatgan edi. 2016 yilning olti oyidagi ishlab chiqarish hajmidan kelib chiqadigan bo‘lsak, yapon avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘tgan yildagiga qaraganda ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishi aniq.
Aytgancha, bu oyda Honda o‘zining yangi kompakt krossoveri WR-V ning premyerasini o‘tkazadi. Allaqachon mazkur avtomobilning dastlabki suratlari aksariyat internet nashrlarida chop etilgan edi. Xitoyda ayni vaqtda Honda avtomobilining eng qimmat rusumi, kupe ko‘rinishidagi Avancier avtomobilining sotuvi boshlandi.