“O‘zavtosanoat” AJ Ala-Too Trade & Industry Expo 2...
“O‘zavtosanoat” AJ Qirg‘iziston Respublikasining Bishkek shahrida 4–6 iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan Ala-Too Trade & Industry Expo 2026 xalqaro sanoat ko‘rgazmasida faol ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston avtomobil sanoatining eksport salohiyati, mahalliylashtirish yo‘nalishida erishilgan natijalari hamda zamonaviy avtokomponentlar ishlab chiqarish imkoniyatlari namoyish etilmoqda. Avtomobil sanoati stendida 30 dan ortiq eksportbop mahsulotlar taqdim etilgan.
Xususan, ko‘rgazmada avtomobil yoritish tizimlari, rul g‘ildiraklari, akkumulyator batareyalari, generatorlar, yurish qismi komponentlari hamda polimer granulalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mahalliy korxonalar o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Jumladan, UzChasys, AutoFortis, Jizzax akkumulyator zavodi, UzErae Alternator, Technologies of Real Time va UzAuto Cepla korxonalarining mahsulotlari xorijiy hamkorlar e’tiboriga havola etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma sanoat korxonalari uchun yangi eksport bozorlariga chiqish, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini ilgari surish uchun muhim maydon hisoblanadi. Shuningdek, tadbir doirasida B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar hamda muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“O‘zavtosanoat” AJ tomonidan ko‘rgazmada ishtirok etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, avtomobil sanoatida ishlab chiqarilayotgan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat.